Samuel Eto’O Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatladi
U bizning qit’amizga yordam berdi.
Kamerun futbol federatsiyasi prezidenti Samuel Eto’O FIFA rahbari Janni Infantinoni FIFA Forward Enterprise loyihasi atrofidagi bahslar fonida qo‘llab-quvvatladi.
«Menimcha, Janni Infantino hech qanday noto‘g‘ri ish qilmagan. Menimcha, bu vaziyat uning bo‘lajak saylovlarda nomzodini qo‘yishi bilan bog‘liq. Yaqinlashayotgan saylovlar sababli shunday holat yuz bermoqda», — dedi Eto’O CNN nashriga bergan intervyusida.
Kamerunlik sobiq futbolchi Infantino futbolni o‘zgartirgani, avval bunday imkoniyatga ega bo‘lmagan davlatlarga Jahon chempionatida ishtirok etish imkonini berganini ta’kidladi.
«U bizning qit’amizga yordam berdi. Federatsiyalarimiz ancha tez rivojlanishiga ko‘maklashdi. Biz buni tan olishimiz va qadrlashimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi Eto’O.
FIFA Forward Enterprise (FFE) — FIFAning taxminiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan tijoriy sho‘ba kompaniyasini tashkil etish loyihasi. Rejaga ko‘ra, kompaniyaga Jahon chempionatlarining homiylik, media huquqlari va chiptalarini boshqarish vakolati berilishi, keyinchalik uning bir qismi xususiy investorlarga sotilishi mumkin edi.