Samimiyati baland inson edi
Taniqli o‘zbek yozuvchisi Shukur Xolmirzaevni adabiyotshunoslar qalami o‘tkir, fikri teran, tafakkuri yorug‘ inson edi, deya ta’riflashadi...
Ustoz duosi
Taniqli o‘zbek yozuvchisi Shukur Xolmirzaevni adabiyotshunoslar qalami o‘tkir, fikri teran, tafakkuri yorug‘ inson edi, deya ta’riflashadi... Biz O‘zbekiston xalq yozuvchisi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi Shukur Xolmirzaev hayot yo‘lini yodga olamiz.
Olim TOShBOEV, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
– Shukur Xolmirzaev ijodiy merosi serqirra va serjiloligi bilan o‘quvchini maftun etadi. Bu ohangdorlik va rang-baranglik zamirida adib suygan erkinlik g‘oyasi mujassam, desak haqiqatga xilof bo‘lmaydi. Shukur Xolmirzaev ijodiy faoliyati davomida hech kimdan ohang olmadi hamda hech kimga ham soz va ovozini berib qo‘ygan emas. U salaflariga cho‘ng bir muhabbat bilan murojaat qildi, tengdoshlari bilan faxrlandi, uka va shogirdlariga nisbatan beg‘araz bo‘ldi. Yozuvchining qanday yashab o‘tgani, shaxs sifatidagi suvrati, hayotga va odamlarga munosabati haqida ustozlari, safdoshlari ko‘p va xo‘b yozgan. Bu xotiralar chin yurakdan, samimiy bitilgan. Chunki adibning o‘zi rostgo‘y edi, dilidagi tilida edi.
Ustozning quyidagi gaplarini “Abadiy zamondosh” kitobimda keltirganman: “Men adabiyotni qismatim deb allaqachon aytib qo‘yganman. Buni o‘zim bilaman, Olloh biladi. Qismatim demaganimda, men bu yerlarda – yozuvchilar dala-hovlisida makon tutmay, xotin, bola-chaqamning yonida yurardim. Tuzukkina ro‘znoma yoki jurnalga muharrirlik qilish ham qo‘limdan keladi. Nima qilay, hayot shunday bo‘ldi. Mening suyanchig‘im faqat adabiyot bo‘lib qoldi. Shaxsan men bu yo‘lga kirdimmi... yo‘q, orqaga qaytib bo‘lmaydi. Boshqacha hayot kechira olmayman.
Men shu yo‘ldan ketaman. Lekin bir narsaga afsus qilaman. Bu yo‘ldan ketgan odam, bu ruhda tarbiyalangan odam ro‘zg‘ordan qiynalar ekan. Men yaxshi er bo‘lolmadim, deb hisoblayman o‘zimni. Yaxshi, mehribon ota bo‘lolmadim. Hayotimning ko‘p damlarini adabiyotga sarfladim. Bundan afsuslanmayman. Xumori bo‘lib qolganman. Lekin nima qilay? Boshqacha yo‘l tutolmayman”.
Shukur aka adabiyot uchun hayotini tikdi. Yozish adib umrining mazmuni edi. Ustoz aytib bergan bir voqea yodimga tushdi. Ya’ni, taniqli adabiyotshunos va uning tijoriy hamkorlari o‘rtasida gap qochadi. Dahanaki janjal yoqa bo‘g‘ishga aylanib ketadi. Yigitlar sho‘rlik tanqidchini avval kaltaklab, keyin oyoq-qo‘lini bog‘laydi-da, shahardan olisga – dashtda tashlab ketishadi. Munaqqid shu alfozda bir kun chorasiz qoladi. Uni tunda dasht hayvonlari – tulki va daydi itlar uzoq-uzoqdan tomosha qiladi, hatto ba’zilari yaqin kelib, hidlab ham ketadi. Tong otib, quyosh chiqqanda cho‘ponlarning xonaki itlari odam qorasini sezib, egalariga xabar beradi. Cho‘pon-cho‘liqlar olimning oyoq-qo‘lini bo‘shatib, mehmon qiladi.
Bu sarguzashtni eshitgan Shukur Xolmirzaev:
– Eh, falonchining o‘rnida men bo‘lmabman-da! – deb astoydil afsus chekadi.
O‘tirganlar hayron.
Adib yasama “jahl” bilan:
– Anavi yigitlarni topish kerak. Ular meni shunday – oyoq-qo‘limni bog‘lab, dashtga tashlab kelganlarida zo‘r ish bo‘lar edi, – deydi suhbatdoshiga sinovchan qarab. – Tasavvur qilayapsizmi, og‘am! Yotibsiz. Nochorsiz. Oyoq-qo‘l bog‘liq. Odam... Qanday harakat qiladi? Nimani o‘ylaydi? Esiz-esiz... Falonchi shunday o‘tkazib yuboribdi-ya?! Dunduk! Bu zo‘r hikoya bo‘ladi-ku!”.
O‘zMU jurnalistika fakultetining to‘rtinchi kursida o‘qib yurganimda Halima Xudoyberdieva rahbarlik qilgan “Saodat” jurnalining 1993 yil 2-3 sonlarida Shukur Xolmirzaev bilan “Har ne istarsen o‘zingda jam erur...” nomli suhbatim e’lon qilindi. Muqovada ustozning nihoyatda o‘ziga xos surati ham berilgan edi. Do‘rmonda kechgan o‘sha gurungda adib katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “Adabiyot o‘ladimi?” ma’ruza-maqolasiga to‘xtalib “Ma’ruza 28 bet edi. Uning bor-yo‘g‘i 13 beti bosildi. Qolgan 15 beti esa qolib ketdi. Shuning hammasi bir kun e’lon qilinsa mening nima demoqchi bo‘lganim ayon bo‘ladi. Men o‘shanda aytganman adabiyot istiqboliyu boradigan manzil-makkasini” deya gapirib, “Bir g‘alati asarlar paydo bo‘ladi. Bular, shubhasiz to‘xtab qolgan Abdulla Qodiriy prozasiga yaqin proza bo‘ladi. Men ishonamanki, oddiy hikoyalardan ko‘ra, hikoyatlar ustun keladi. Rivoyat tariqasidagi hikoyalar ustun bo‘ladi borib-borib. Chunki, zamon, dunyo – evrildi. Faqat, manguliklar yashab qolishiga ishondik.
Xullas, Ovrupo realizmidan ham, o‘ris realizmidan ham uzoqlashib, boshqacha, ya’ni donishmandona bir adabiyotga yetamiz. Mohiyat, maqsad aniq, mag‘zi to‘la bir adabiyot yaratiladi-ki, bu esa, o‘sha “Chor darvish” deganimiz, Sa’diyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Farididdin Attor, Al Maariy va boshqa klassiklarimizning yo‘lini davom ettiradigan adabiyot bo‘ladi. Ana shu yo‘ldan ketadimi deyman-ov. Yoki hech bo‘lmaganda, o‘sha yo‘lga yaqin borib qoladi. Men bunga aminman!” degan edi.
Yana bir gap: Shukur aka mangu haqiqatlar haqida gap ketsa, albatta dostonlarimizni tilga olardi. Alpomishni or-nomus timsoli sifatida ko‘rar, shu sababli hatto do‘st minnatini ham ko‘tara olmasligini aytib, o‘ng yuzini “yo‘q” deganday uchirgancha, mamnun jilmayardi. Yozuvchining bu jilmayish – tabassumida ajdodlarning, avvalo, Alpomishning sha’ni, hamiyati, g‘urur va mardligi zohir edi.
Ana o‘shanday damlarda adib nevaqt jim qolib, oxirida ko‘ksini qabartib, entikib olardi-da, qo‘llari ila ko‘ksini siypab, atrofga mag‘rur ko‘z tashlab qo‘yardi.
Adibimiz Alpomishga bo‘lgan yuksak ehtiromini “Yozuvchi” gazetasining 1998 yil 21 yanvar sonida bosilgan “Marhabo, Alpomish!” maqolasida “Bir narsa shak-shubhasiz haqiqatki, olamda turkiy xalqlarchalik dostoni ko‘p xalq yo‘qdir” deya izhor etadi va dostondagi:
“Tovushqon tuyoqli, marol bellidir,
Asl tulpor ekan o‘zbekning oti...” degan satrlarni keltirib, “Alpomish”ning ming yillik tantanalarini o‘zligimizni kashf etish yo‘lidagi ulug‘ bayramlarimizdan biri deya qayd etadi.
Shukur aka Dog‘istonning mashhur shoiri Rasul Hamzatovning
“O, mahorat! Men senga yetdim,
Senga yetishguncha yemirilib bo‘ldim!” satrlarini ko‘p takrorlardi. O‘quvchilik davrida she’r yozgani haqida gap ochilgudek bo‘lsa, “Men ikkinchi kursdayoq she’r yozishni tashlab ketganman. Bunga Abdullajon sabab bo‘lgan. Men o‘shanda Abdullajondan o‘tkazib she’r yozolmasligimni anglab yetgan edim. Meniki havaskorning she’ri bo‘lgan. Abdullajonga o‘qib berib yurardim. Shu, Abdulla aytdi-da bir kuni:” Shukur, shu ikki satr she’ringiz menga juda yoqadi-da”, dedi. “Nima edi”, dedim. Shuni yozgan ekanman, o‘zim ham bilmayman:
“She’rimga sarlavha etib ismingni,
Atrofin yoy bilan o‘rab qo‘yaman.
Yaqin qardoshimda ko‘rsam nomingni,
Ming bor ahvolingni so‘rab qo‘yaman”.
Umuman, she’rni yaxshi ko‘raman. Qulog‘im tinch, ko‘nglim tinch bo‘lgan paytlarda she’r o‘qiyman. She’rning sadag‘asi ketay, bunda gap ko‘p...” der edi.
Qadim she’riyatning ruh va ohangi adib asarlariga jilo berdi, so‘zlarni biyron sayratdi, jumlalar tiniq va jozibali bo‘ldi. Bularning hammasi she’r sehridan desak, xato bo‘lmaydi.
Bilasizmi, Shukur akaning ovozi, ayniqsa, she’r o‘qish mahorati uncha-muncha diktorlarni ham dovdiratar edi. Ayniqsa, Mirtemirning “Surat” poemasini, “Hamlet” monologini yodaki o‘qiganda akani tanib bo‘lmay qolar edi. Endi o‘ylasam, yurakdagi cher, g‘ubor va g‘ashliklar, o‘tgan umrning afsus va safolari, olisda qolgan bolalikning sehru tarovati – hamma-hammasi qo‘shilib, adibning bo‘g‘zidan she’r bo‘lib otilgan ekan.
Yusuf XUDOYQUL, jurnalist:
– Biron asarni o‘qiyotgan odam shu asarning qahramoni, “men”ligi aynan ijodkorga emas, balki o‘ziga ham taalluqli ekanini har doim ham anglayvermaydi. Asar hayotiy haqiqatning ma’lum nuqtalariga tayansa-da, ichki tuyg‘u, hissiyot, ehtiros, alamli armon, hayrat, ayriliq va topishuv onlarining sababi zohirda ayonlashib, o‘quvchining hayotda insondek yashashi uchun mayoq vazifasini o‘taganida asar haqiqiy asarga aylanadi. Shunday ekan, yozuvchi atrof-muhitni kuzatish orqali xulosa chiqaradi. Demak, hodisaning yuzaga kelishida muallifdan tashqari, atrofdagi odamlar ham ishtirok etadi.
Yozuvchi o‘quvchini o‘zida bor etish san’atini qo‘llab, iqtidori, salohiyati, talanti bilan muxlisini goh gulshan quchog‘iga, goh baland-pastliklar sari, gohida kimsasiz dashtlarga boshlab ketarkan, bu holat har bir insonda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqeaga aylanadi. Aslida ham shunday, har qanday jamiyat butunlikda mavjud, yakka tartibda inqirozga uchraydi. Asarda shaxslar jamlanadi, bir butunlikka aylanadi.
Shukur Xolmirazev bilan ko‘p bora suhbatlashganmiz. Har gal adabiyotning vazifasi o‘quvchi ongida fikrni yaratish, o‘zini o‘zi bilan “gaplashtirish” orqali yashashning tub mohiyatini bilishga undash, eng muhimi, hammaga ham yetishavermaydigan tomirlardagi ma’naviy ongni ustalik bilan uyg‘otish yozuvchining burchi ekanligini ta’kidlardi. Bir gal Do‘rmon bog‘idagi hovlisiga borsam, o‘ychan o‘tirgan ekan, salom-alikdan so‘ng bir jurnalda qissa o‘qiganini aytdi. “Harfini kattalashtirsa 30 varaqdan oshmaydigan asarni qissa emas, hikoya deydi-da endi. O‘qidim, yuki yengil, uncha tosh bosmaydi. Qissaning esa yuki baland, hayotni kengroq qamrab olishdan tashqari, ichki kechinmalarni, ya’ni ruhiyat holatlarini teran yoritish kerak qissada, yozuvchi bir joyda muqim o‘tirishni o‘rganishdan erinmasligi lozim, ammo so‘zni ishlata bilish – bu talant, uni egallamagan yozuvchi asarida yovvoyi o‘tlar serob bo‘ladi” dedi.
Shukur aka biron asar haqida gapirsa, birinchi navbatta, muallifning kelajakda yaxshigina ijodkor bo‘lib, elga tanilishi mumkinligini e’tiborga olardi. O‘ziga yoqqan asarning ba’zi jihatlarini yo tanqid qilar, yo ayrim voqealarini maqtab qo‘yardi. O‘zi suymaydigan asarni “Ha, bu ham yaxshi” deb qo‘ya qolardi. Shukur Xolmirzaevning nazariga tushish hammaga ham nasib etavermasdi. Biz ko‘pincha “beshafqat” degan so‘zni ko‘p ishlatamiz, aslida Shukur aka to‘g‘ri so‘z ijodkor edi. Nachora, to‘g‘ri tanqid ko‘pchilikka yoqmasdi. Hozir ham shunday, agar shogird ustoz tanqididan to‘g‘ri xulosa chiqara olsa, uning yutug‘i, aksincha bo‘lsa, hamma yozuvchi qatori yuraveradi.
Men o‘sha qissa kimning asari ekanini so‘ramagandim. Sababi Shukur aka kimligini o‘zi aytmadimi, so‘ragandan foyda yo‘q, aniqlik kiritishni istaganni xushlamasdi. Bu balki o‘sib kelayotgan ijodkorning yozganini kuzatib borishi, uning kelajakda zabardast yozuvchi bo‘lishini xohlaganidandir. Uni avaylashidandir. Albatta, gurungdoshini ranjitishni ham istamasdi, biron gapga nuqta qo‘ymoqchi bo‘lsa, shunchaki ko‘z qarashidan bilsa bo‘lardi. Qolgani o‘zingizga havola edi.
Shukur aka birov bilan hol-ahvol so‘rashganda uning ko‘zlari doimo jilmayib turardi. Biron asar haqida gapirganda, go‘yo ko‘zlari uchqun sachratayotgandek, chaqnardi. Lekin doim sevinchini ham, g‘azabini ham yashirishga harakat qilardi. Baribir ko‘zidagi jilmayish yuzida aks etmasdi. Uning tag ma’nosini tushunish qiyin edi. Soxtakorlikni yoqtirmasdi. Hayotning mohiyatini, dunyoning mazmunini anglab yetgan shaxs o‘zlik maqomini egallagan bo‘ladi, atrofdagi voqealarga munosabat bildirgisi keladi. Ammo har doim ham o‘zi tengi odamni topolmasligi tabiiy holat – bu odamni odamovi qilib qo‘yadi. Shuning uchun ham bu maqom kamdan kam odamlarga nasib etadigan jarayon.
Bir suhbatimizda: “Odamlar bilan gurunglashganda ularning so‘zlashi yukiga qarab tuslanishini, tuslanishiga gapirish ohangi moslashuvini nazardan qochirmaslik kerak. Inson o‘zini ming qolipga solsa-da, ichki kechinmasi birda bo‘lmasa birda uning kimligini oshkor qilib qo‘yadi” dedi. Jiddiy nigohidan nimadir demoqchi ekanligini sezdim. Gapiga gap qo‘shmay sukut saqlab turdim. “Bilasanmi, hozir qaysi asar qayta-qayta nashr etilayapti? Hammaning og‘zida shu asar! Aslida uncha qimmati yo‘q. Maishiy mavzuda. O‘zim yoqtirmayman, lekin yaxshi haq to‘layman deganiga, deyarli qayta yozib bergandim. Asar chiqdi, ammo va’daboz aldab ketdi”.
Bunday payt, ongi ma’lum martaba zinasini zabt etgan odam, avvalo, aldagan shaxsdan emas, balki o‘zidan achchiqlanadi. Bu hayotning turg‘un falsafasi. Shuning uchun ham Shukur aka u yozuvchini (yozuvchi deb bo‘lsa) axtarmaganini, buning endi keragi ham yo‘qligini aytgan edi.
Yozuvchi o‘z yozganidan qalban huzur olmas ekan, u hech qachon maqtanishdan charchamaydi. Agar huzur olsa-chi, endi u dunyoni unutadi. Maqtanmaydi, balki o‘quvchining asarga munosabatini kuzatadi. Asarning kimning nomidan chiqishi emas, balki odamlar qo‘liga yetib borgani, o‘qimishli ekani, asosiysi, ma’naviy ong ozuqasi borligi uni o‘zga olamga olib kiradi. Qoniqish hissi barcha ginalarni unuttiradi. U olamga nurli qaray boshlaydi. O‘sha va’daboz yozuvchining boshqa biron nomdor asari chiqqani yoki qo‘lma-qo‘l bo‘lganini, menimcha, hech kim eshitmagan.
Bolalikdan voqeiy gurunglarga qiziqqanim bois Shukur Xolmirzaevning hikoyalarini ko‘p o‘qirdim. “Ko‘ngil” hikoyasida ajoyib holat bor, ovchi yigit atrofdagilarga o‘zini qahramon qilib ko‘rsatgisi keladi. Qo‘ni-qo‘shnilarning nazariga tushishni xohlaydi. Ichki ishtiyoq va harakat kaklik ovida unga ko‘mak bergan do‘stining tuyg‘ulariga soya tashlaydi. U ham umidvor edi. Ammo oliy maqsad ovchi yigitni o‘z izmiga olgandi. Bu hammada uchraydigan noyob narsa, lekin buni hamma ham tan olgisi kelayvermaydi. Hikoya so‘ngida “Ko‘ngil ham bor-da...” jumlasi bilan Shukur aka hikoyada uzukka yoqutdan ko‘z qo‘yadi. Beixtiyor chap barmog‘ingizni peshonaga tirab xayolga tolasiz, bu voqea o‘zingizda sodir bo‘lmaganmi? Kimnidir ko‘nglini qoldirmaganmisiz? – o‘ylay boshlaysiz...
Eng asosiysi, ovchi yigit uyda dakki eshitishni o‘ylab, kakliklarni ayvondagi shkafning ustiga otib yuboradi. Oila tashvishi girdobida qolib, ovini chetga yashirib qo‘yish yodidan ko‘tariladi. Erta tong shoshib ayvonga chiqadi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, patini qoldirib, go‘shtini mushuk yeb qo‘ygan bo‘ladi. Shu joyda yozuvchi uzuk yolg‘iz emasligini, uning yoqut ko‘zli ziraklari ham borligini o‘quvchiga eslatadi.
Uzukning ko‘zidagi yoqut nima edi, oq gavharmidi?! Ko‘ngil omonat, uni sizga omonat qilib bergan egasi bor axir. Yozuvchi o‘shani aytmoqchi edi. Shukur aka ko‘ngilni og‘ritib bo‘lmasligini, ko‘ngilga bepisand bo‘lishning ajri bor ekanini, bu dunyoga tegishli bo‘lgan manmanlik, odamlarning uchirma gapi bilan yashash odamni odamgarchilikdan chiqarishi mumkinligini mohirlik bilan voqealar olovida yoritadi. Hech qachon bir chiziqdagi voqealar rivojiga izoh bermaydi. Buning keragi ham yo‘q. O‘quvchi fikrladimi, unda tafakkur uyg‘onishi kerak-ku. Bu endi ulkan talant, g‘oyibdan yuqtirilgan iste’dod, hadya etilgan inoyat.
Shukur Xolmirzaevning o‘zi hayotni teran anglagan, insoniyatning kechmishini his eta olgan inson edi. Shuning uchun ham u asarlarida qonuniyat yaratmadi, balki azaldan bor qonuniyatni odamlarga yuqadigan qilib eslatib turdi.
O‘zi har jihatdan barkamol insonlarda hech kimga o‘xshamaydigan xislat, xulq-atvor, faqat o‘zigagina tegishli yashash falsafasi bo‘ladi. Shukur Xolmirzaev o‘ziga tegishli falsafani umumlashtirib adabiyotga olib kirdi. Olib kirganda ham betakror uslubda ifodalay oldi. Bu zavqni hayotning hech bir lazzatiga alishmadi.
Ana shundan, u o‘zbek hikoyanavisligida o‘ziga xos mustahkam cho‘qqi yaratdi. Ayniqsa, “Zov ostida adashuv” hikoyasini nafis so‘z ila yaratilgan san’at asari deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Bundan tashqari, “Omon ovchining o‘limi”, “Bandi burgut”, “Ot o‘g‘risi” singari hikoyalari orqali Shukur Xolmirzaev o‘zbek hikoyachiligida o‘ziga xos maktab barpo etdi.
Men Shukur Xolmirzaevning: “Qissaning yuki baland...” so‘zlarini eslar ekanman, fikri-o‘yimga “Ko‘ngil” oddiy hikoya emas, balki unda bir romanning yuki bor, degan xulosa keldi.