SamDU va Sakarya universiteti hamkorlik qiladi…
Samarqand davlat universitetiga Turkiyaning Sakarya universiteti prorektorlari, professor Nachi Chaglar, Sinan Serdar O‘zkan va til o‘qitish va tadqiqot markazi direktori Serhat Kuchuk tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Xalqaro hamkorlik bo‘limi bosh maslahatchisi, professor Muxtor Nosirov qabul qildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad hamkorlikni rivojlantirish, xususan, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
Suhbat davomida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarni 1+1 qo‘shma ta’lim dasturi asosida o‘qitish, doktorantura (PhD) va professor-o‘qituvchilar ilmiy stajirovkasini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shuningdek, Sakarya universiteti mutaxassislari tomonidan SamDU o‘qituvchi va talabalari uchun muntazam ravishda masofaviy seminar tashkil etishga qaror qilindi.
Biologiya muhandisligi, mexotronika, elektronika va agro muhandislik sohasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokara bordi. O‘qishni Turkiyada davom ettirish istagida bo‘lgan magistrantlarimizga turk tilini o‘rgatish masalasi ham kelishildi. Bir nafar doktorant (PhD)ga Sakarya universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan ilmiy rahbarlik qilish taklifi berildi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar hamkorlik memorandumini imzolashdi.
Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV (surat)