Samarqandning yangilangan havo darvozasi
Shu kunlarda “Samarqand” xalqaro aeroporti har qachongidan ham gavjum. Ushbu zamonaviy va yuqori texnologik aeroportda barcha zarur infratuzilma yaratilgan.
SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etish uchun kelayotgan xorijiy davlatlar delegatsiyalari vakillari, mehmonlar shaharning havo darvozasida yaratilgan sharoitlardan mamnun. Mehmonlarning ko‘pchiligi aeroportning o‘ziga xos me’moriy yechimiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Aeroport terminali binosining Mirzo Ulug‘bek “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobining ochiq holdagi ko‘rinishida bunyod etilganida o‘ziga xos ma’no mujassam. Samarqandga kelgan mehmon ostonadayoq ana shu tarixiy ulug‘vorlikka guvoh bo‘lib, ulug‘ allomalarga beshik bo‘lgan zaminga qadam qo‘yadi.
[gallery-8762]
Aeroport terminalining binosining kengligi 175, balandligi esa 25 metrni tashkil etadi.
Dunyoning yirik sayyohlik markazlaridan biri hisoblangan Samarqandda turizm va tijorat uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu aeroportda sayyohlarga barcha sharoit-sharoit yaratilgan. Aeroport soatiga 800 nafar yo‘lovchi va haftasiga 120 tagacha reysga xizmat ko‘rsatish quvvatiga egaligi uning imkoniyatlari qay darajada yuqori ekanligini tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yilda ushbu aeroportini kengaytirish rejalashtirilgan edi. 2019 yilning iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi chog‘ida loyiha miqyosi yanada yiriklashdi.
Shaharga kelayotgan mehmonlar aeroportda yo‘lovchilar va yuklarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qulayliklar, umuman qo‘ngandan so‘ng qulay xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlashmoqda.
Ikrom Avvalboyev, A’lo Abdullayev(surat), O‘zA