Samarqandlik tadbirkorlarni nima qiynayapti?
Samarqandda hukumat komissiyasi tomonidan viloyat tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan har yili o‘tkaziladigan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot oldidan tashkil etilgan tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev, Biznes-ombudsman D.Qosimov va viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

Uchrashuvda ish faoliyatida turli muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlar elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti, kredit olish, infratuzilmani yaxshilash kabi masalalar yuzasidan komissiya a’zolariga murojaat qildi.
Masalan, Nurobod tumanidagi “Maroqand sement invest” qo‘shma korxonasi vakili tabiiy gaz yetishmovchiligi borasida o‘z muammosini bildirdi.

– Korxonamiz uchun oyiga 500 ming kub metr tabiiy gaz limiti ajratilgan, – deydi tadbirkor Rahmon Ahrorov. – Limitni 10 kunda ishlatib bo‘lib, qolgan 20 kun ishlamasdan turibmiz. Shu bois, limitimizni 1,5 million kub metrga oshirishga amaliy yordam berishlaringizni so‘rayman. Biz ko‘mirga moslashgan yangi uskunalar uchun Xitoyga buyurtma berganmiz. Uskunalar yetib kelib, o‘rnatib ishlatgunimizcha, ya’ni joriy yil dekabr oyigacha oshirilgan limitda gaz berilsa, so‘ngra doimiy to‘liq ko‘mirda ishlashga o‘tamiz.
Ma’lumot uchun hozirda viloyatimizda to‘rtta sement ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritmoqda. Soha mas’ullari tadbirkorning iltimosini hozircha qondirishning imkoni borligini, agar tegishli vazirlikdan qo‘shimcha limit berilsa, korxonaga belgilangan muddatgacha ehtiyojiga yetarli miqdorda gaz yetkazilishi aytildi.
Uchrashuvda qayd etilgan masalalarga yechimi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Aksariyat muammolar shu yerning o‘zida hal etildi. Vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan aniq muddat belgilandi.
G‘.HASANOV,
O‘zA