Samarqandlik mahalla faollari Mirzacho‘l tajribasini o‘rgandi
Mahalla hayotidagi o‘zgarishlarni anglash uchun hisobot raqamlariga nazar tashlashning o‘zi kifoya emas. Buning uchun odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish, ularning tashvishu intilishlarini tinglash, amalga oshirilayotgan ishlar natijasini joyida ko‘rish kerak. Samarqand viloyatidan kelgan mahalla vakillarining Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumaniga tashrifi ham ana shu maqsadga xizmat qildi. Unda mahalla tizimidagi islohotlar, aholi bandligini ta’minlash va insonlar hayotiga ijobiy o‘zgarish olib kirayotgan tashabbuslar bilan bevosita tanishish imkoni bo‘ldi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizova boshchiligidagi delegatsiyani Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Musa Anorboyev hamda Mirzacho‘l tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov hamrohlikda kuzatib bordi. Tashrif davomida tashkilotlar faoliyati bilan birga mahallada yaratilayotgan imkoniyatlar aholi hayotida qanday ta’sir ko‘rsatayotgani o‘rganildi.

Dastlab Do‘stlik mahallasidagi kutubxona, yoshlarni xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘rgatish markazlari, “Ezgu niyat” markazi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda “Hayot maktabi” faoliyati bilan tanishildi. Bu maskanlarning har biri ahamiyatli maqsadga xizmat qiladi: yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga zamonaviy bilim va kasb o‘rgatish, mustaqil hayotga tayyorlash. Yoshlarga berilgan imkoniyat ertangi kunga kiritilgan sarmoyadir. Kitobga oshnolik, kasb egallashga intilish va yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish esa yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishida ahamiyatli omil bo‘lib xizmat qiladi.

Yerjar va Yangi dala mahallalaridagi uchrashuvlar jarayonning yana bir ahamiyatli jihatini namoyon etdi. Bu yerda “mahalla yettiligi”ning aholi muammolarini aniqlash va ularni hal etish borasidagi faoliyati o‘rganildi. Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, odamlarni daromadli mehnatga jalb etish kabi masalalarning joyida muhokama qilinishi mahallaning xalqqa eng yaqin bo‘g‘in sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Chunki har bir xonadonning sharoiti, har bir insonning ehtiyoji turlicha. Samarali ishlash esa aynan shu farqlarni hisobga olib, umumiy yondashuv bilan cheklanmasdan manzilli yechim topishni talab etadi.

Tashrif chog‘ida Jizzax tajribasi asosida tashkil etilgan mahallalardagi islohotlar shtabi faoliyati ham taqdim etildi. "Mahalla yettiligi" tarkibidagi mas’ullar bilan muloqotda mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etishda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va har bir vazifaning ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shunda bir haqiqat ayon bo‘ladi: mahalladagi muammo bir idoraning sa’y-harakatlari bilan emas, balki mas’ullarning hamjihatligi, aniq vazifalar taqsimoti va natija uchun javobgarligi orqali hal etiladi.

Delegatsiya a’zolarining migratsiyadan qaytgan fuqaro Nasiba Jo‘rayeva xonadonida bo‘lishi tashrifning eng hayotiy lavhalaridan biri bo‘ldi. Uning mahalla ko‘magida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygani insonga to‘g‘ri yo‘nalish va amaliy yordam berilsa, yangi imkoniyatlar eshigi ochilishini ko‘rsatadi. Bunday tajribaning ahamiyati shundaki, u fuqaroning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, oila daromadini oshirish va o‘z mehnati bilan farovonlikka erishishga ko‘maklashadi.

Samarqandlik vakillarning Mirzacho‘lga tashrifi hududlar o‘rtasidagi tajriba almashinuvi oddiy tanishuv emas, balki samarali usullarni o‘rganish va ularni boshqa mahallalarda ham qo‘llash uchun ahamiyatli maydon ekanini namoyon etdi. Mahallaning haqiqiy natijasi o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki ish topgan yosh, daromadi oshgan oila, tadbirkorlikni boshlagan fuqaro va muammosiga yechim topgan inson hayotidagi o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Ana shu mezon ustuvor bo‘lsa, mahalla nafaqat islohotlar amalga oshiriladigan, balki ularning samarasi inson hayotida namoyon bo‘ladigan maskanga aylanadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri