Samarqanddagi ko‘p qavatli uylarning 62 ming xonadonidan 3 mingtasigina isitish tizimiga ega
Ko‘p qavatli uylardagi 59 ming xonadon asosan, gaz plitasi yoki elektr energiyasi bilan isitilmoqda.
Ko‘p qavatli uylardagi 59 ming xonadon asosan, gaz plitasi yoki elektr energiyasi bilan isitilmoqda.
Bu haqda Samarqand viloyati matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida “ Hududgaz Samarqand” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Xolmurod Bobomurodov ma’lumot berdi.
– Havo harorati pasayib ketgani oqibatida aholi uyini gaz plitasini yoqib qo‘yib isitishga yoki yoki qo‘lbola isitish vositalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda, – dedi X.Bobomurodov. – Albatta, bu o‘sha uyda yashovchilar uchun xavfli, yong‘in yoki is gazidan zaharlanish holatlari kelib chiqishi mumkin. Bu borada aholi o‘rtasida tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda, ammo odamlar majburlikdan shunday yo‘l tutmoqda. Natijada viloyat bo‘yicha aholi xonadonlarida 3 million 250 ming metr kub o‘rniga 14 million 750 ming metr kub gaz sarflanmoqda. Yana bir tomoni, 2018 yilda viloyatimizda 75 gektar maydonda issiqxona bor edi. O‘tgan yil esa issiqxonalar maydoni 154 gektardan oshdi. Bu issiqxonalar ham aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash, viloyatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash uchun zarur. Ayni paytda mazkur issiqxonalarda buyurtma bo‘yicha, shuningdek, aholi ehtiyojidan kelib chiqib mahsulot yetishtirilmoqda. Shu sababli ularga ham tabiiy gaz yetkazib berishga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, qishning sovuq kunlarida tabiiy gaz asocan aholi xonadonlariga yetkazib berilishi va issiqxonalarda muqobil energiya vositalaridan, ya’ni zaxiradagi yoqilg‘i fondidan foydalanish talab etiladi. Afsuski, bugun ularning aksariyati zaxira fondiga ega emas. Shunga qaramay, hozirda asosiy e’tiborimiz aholiga tabiiy gaz, gaz yetib bormagan yoki bosim pasayib ketgan hududlarga suyultirilgan gaz yetkazib berishga qaratilgan. 1800 dan ortiq kafolatlanmagan iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan.
Matbuot anjumanida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Umar Jo‘raev ham ayni paytda viloyatda aholiga elektr energiyasi yetkazib berishda yuzaga kelayotgan muammolar, joriy yil uchun belgilangan rejalar haqida ma’lumot berdi.
U.Jo‘raev bugungi kunda viloyatda elektr energiyasi yetkazib berishda ko‘p uzilishlar kuzatilayotgani qayd etib, bu qish mavsumida ehtiyojning yuqoriligi va elektr tarmoqlariga yuklamalarning oshib ketishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
– O‘tgan yil yanvarda viloyatimizning elektr energiyasiga bo‘lgan oylik ehtiyoji 450 million kilovat soat edi, bu yil esa 500 million kilovat soatni tashkil etmoqda – dedi U.Jo‘raev. – Hozirda ushbu miqdordagi elektr energiyasini olyapmiz, ammo iste’molchilarga yetkazib berishda muammolar yuzaga kelmoqda. Sababi ayni paytda viloyatimizda mavjud 570 mingdan ortiq simyog‘ochning 65 foizi muddatini o‘tab bo‘lgan, almashtirilishi lozim. Shuningdek, 11 mingdan ortiq transformator punktlarimizning ham asosiy qismi belgilangan me’yordan yuqori yuklamalar bilan ishlamoqda. Bu esa elektr tarmoqlarida tez-tez avariyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Elektr tarmoqlari va transformator punktlarini bosqichma-bosqich yangilash bo‘yicha dasturlarimiz bor va shu asosida ish olib boryapmiz. 2019 yilda qishloq joylarida 854 kilometr havo tarmoqlari, 266 ta transformator punkti yangilandi. Bu yil ham ushbu raqamlarni ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumani davomida ikkala idora rahbarlari jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javob qaytardi.