Samarqanddagi 285 masjidda hayit namozi o‘qiladi
Saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi yakuniga yetmoqda. 30 mart kuni butun musulmon olamida bo‘lgani kabi yurtimizda ham Ramazon hayiti keng nishonlanadi.
Bu haqda kecha davlatimiz rahbarining qarori e’lon qilindi. Qarorda mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar, tashkilotlarga Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi belgilab berildi.
Samarqand viloyatida ham Ramazon hayitini yuqori saviyada va tartibli tashkil etishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
– Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsin, Alloh nazar qilgan yurtimizda bu yilgi Ramazon oyi milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda, xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat fazilatlari to‘la namoyon bo‘lgan holda o‘tmoqda, – deydi Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon Alimov. – Ushbu muborak oy boshlanishi arafasida qabul qilingan Prezidentimiz qarorida belgilanganidek, oy davomida ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘chat ekish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatimizdagi barcha mahallalarda bu ezgu ishlar davom etmoqda. Ramazon oyining fazilatlari amallaridan bo‘lgan taroveh namozlari 286 jome’ masjidida o‘qildi va ularning 198 tasida Qur’on xatm qilindi. Bu maskanlarda ibodat amallarini to‘la-to‘kis ado etish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi. Saxovat va mehr-muruvvat tadbirlari uyushqoqlik bilan olib borildi. Imom-xatiblar boshchiligida homiylarni jalb qilgan holda 5400 dan ortiq kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga 3 milliard 250 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar va turli millat vakillari taklif etilgan holda 200 dan ortiq xayriya iftorlik marosimlari o‘tkazildi. 25 mart kuni davlatimiz rahbari ishtirokida butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlik marosimi Samarqandda ham yuqori saviyada tashkil etilib, 16 tuman va shaharlarimizda ehson dasturxonlari yozildi.
Viloyat bosh imom xatibining ma’lum qilishicha, bu yil Samarqanddagi 285 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bu masjidlarning holati tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, hayit namoziga keluvchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratilmoqda, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
– Bayramni yuqori saviyada, tartibli va xavfsizlik ta’minlangan holda o‘tkazish maqsadida mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari va mahalla raislari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda, – deydi Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon Alimov. – O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli ko‘rsatmalari asosida hayit namozi o‘qiladigan masjidlar imom-xatiblariga zarur tavsiyalar berildi. Namozdan keyin ibodat ahli uchun qisqa ma’ruzalar, duolar va nasihatlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu kunlarda esa masjidlarda “Hayit – bag‘rikenglik va hamjihatlik bayrami” mavzusida ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilmoqda. Bayram kunlarida yo‘qlash uchun imkoniyati cheklanganlar, qariyalar va bemorlar uchun hayit tabriklari tayyorlab qo‘yildi.
Ramazon hayiti – ezgulik va birdamlik bayrami. Alloh taolo bu muborak kunlarni yurtimizga fayzu baraka, osoyishtalik va farovonlik olib keluvchi bayramlardan qilsin.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri