Samarqandda xorijda ishlash istagidagi fuqarolarga kasb -hunar o‘rgatilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi M.Xayriddinov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, xorijga ishlash istagidagi fuqarolarni ketishdan oldin tayyorlash kabi masalalar yuzasidan hududda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganmoqda.
Tashrif doirasida Samarqand shahridagi Ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA) va “Ishga marhamat” monomarkazida faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ikki smenada o‘quv kurslari tashkil etilgan KOICAda o‘nga yaqin yo‘nalishlarda o‘qishga jalb etilgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi.
Markazda ishlayotgan o‘qituvchilar tayyorlangan o‘quv metodik qo‘llanmalar yurtimizning boshqa kasb-hunarga o‘qitish markazlarida foydalanish uchun tavsiya etildi. Shuningdek, Monomarkaz qurilish ishlarini jadallashtirish, o‘quv xonalarini optimallashtirish, fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish va boshqa masalalarda tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida viloyatdagi XBAlar rahbarlari bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Qayd etish kerakki, hozirga qadar 11 ta XBAning rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, natijada fuqarolarning pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib yuborilgan ham esa olindi.
Uchrashuvda “Status 777” xususiy bandlik agentligi fuqarolarni Polshaga ishlash uchun yuborish maqsadida tegishli vizani rasmiylashtirish, “Buyuk Gallaktika Franchayzing” xususiy bandlik agentligi rahbarlari esa ayni paytda Kanada, Yaponiya va Isroil davlatlari ish beruvchilari bilan shartnomalar mavjudligi, kelgusida mazkur shartnomalar asosida mazkur davlatlarga fuqarolarni ishga yuborish masalasida amaliy yordam berilishini so‘radi.
Polshaga ishchi vizani olish masalasida qo‘shimcha asosli ma’lumotlar taqdim etilishi, shuningdek, Kanada, Yaponiya va Isroilga fuqarolarni ishga jalb qilish yuzasidan kelgusida ushbu davlatlarga rejalashtirilayotgan tashrif doirasida XBA vakili sifatida “Buyuk Gallaktika Franchayzing” mas’ullarini xizmat safariga jalb etish zarurligi aytildi.