Samarqandda o‘tgan BMT forumi O‘mon nashrlari nigohida
Ma’lumki, yaqinda Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Davlat xizmatlari forumi bo‘lib o‘tdi. O‘mon Sultonligining qator nashrlari mehnat vaziri, doktor Mahad bin Said Ba’vin boshchiligidagi delegatsiya ushbu arab davlatining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr bin Nosir Al-Busaydiy xonim hamrohligida mazkur anjumanda qatnashganini keng yoritdi.
Maqolalarda forum doirasida o‘monlik mehmon O‘zbekiston Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Amirtemurxon Musayev, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva bilan qator muzokaralar o‘tkazgani ta’kidlangan.

Muloqotlar chog‘ida ikki do‘st davlat o‘rtasida mehnat, bandlik, davlat sektorida inson resurslarini rivojlantirish, kasb-hunar ta’limi va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqboli muhokamasiga e’tibor qaratilgan.
– Forum “2030 yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmati ko‘rsatishni jadallashtirish” mavzusida o‘tdi, – deyilgan maqolada. – Anjuman Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikadan, jumladan Samoa va Butan kabi kichik davlatlar vazirlari, davlat xizmatiga mas’ul idoralar rahbarlarini birlashtirdi. Shuningdek, tadbirda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doira, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor vakillari va innovatsiya yetakchilari ham ishtirok etdi.
Mualliflar forum doirasida yalpi majlis, turli mavzuda muhokama va strategik muloqotlar, ilg‘or amaliyot taqdimoti, shuningdek xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida tajriba almashish hamda davlat xizmatidan teng va adolatli foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan Samarqand vazirlar deklaratsiyasi muhokama qilinganiga urg‘u bergan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA