Samarqandda odam DNKsi ekspertizasi o‘tkazilmoqda
Xadicha Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazining Samarqand viloyat bo‘limida joriy yilning iyul oyida odam DNKsi sud biologik ekspertizasi hamda materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari ochilishi bilan ushbu yangi xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
– Shu paytgacha odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasi faqatgina markazda mavjudligi sababli sud, tergov organlari tomonidan bunday ekspertizalar faqat Toshkent shahridagi markaziy laboratoriyaga tayinlanar edi, – deydi Xadicha Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazining Samarqand viloyat bo‘limi davlat sud eksperti Abdulaziz Mardiyev.
– Endilikda Samarqandda ham laboratoriya tashkil etilgach, shu turdagi ekspertizalar o‘tkazilmoqda. Bu yerda odam biologik materiallari ustida har tomonlama va to‘liq tadqiqotlar o‘tkazilib, uning natijalari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan xulosalar berilmoqda. O‘tgan ikki oy davomida laboratoriyada jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 20 ta, prokuratura tomonidan 1 ta, ichki ishlar idoralari tomonidan 15 ta ekspertiza tayinlangan.

Bundan tashqari, laboratoriyada fuqarolarning istagiga ko‘ra, to‘lovlar amalga oshirilgan holda odam DNKsi sud biologik ekspertizasi ham o‘tkazilishi mumkin.
Yurtdoshlarimiz bu imkoniyatdan ham foydalanmoqda. Laboratoriya faoliyat boshlaganidan buyon fuqarolarning murojaati asosida beshta shunday ekspertiza amalga oshirildi. Mazkur xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun “Mutaxassis fikri” va “Anonim murojaat” xizmat turlari yo‘lga qo‘yilgan.

G‘.HASANOV, O‘zA