Samarqandda kiberjinoyatlar 1,5 baravar ko‘paydi
Mamlakatimizda joriy yilning iyul oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” (Cyber-month) deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan joylarda targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari boshlandi.
Samarqand viloyat matbuot uyida kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholini bu tahdidlardan xabardor qilishga bag‘ishlangan oylik mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida matbuot anjumani o‘tkazildi.

– Kiberjinoyat qurboni bo‘layotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda, – deydi Samarqand viloyati IIB tezkor qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Azamat Yo‘ldoshev. – Jumladan, viloyatda joriy yilning birinchi yarmida kiberjinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan. Ushbu firibgarliklar asosan uch xil usulda – telefonga maxfiy kod yuborish yoki bank xodimi sifatida “sms kodni olish”, chet eldan meros yoki jabrlanuvchiga noma’lum sharoitda yordam berish, moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi bo‘lish kabi soxta aldov havolalar orqali hamda soxta onlayn birja va treyding bilan amalga oshirilgan. Sodir etilgan kiberjinoyatlarning 40 foizi Samarqand shahrida 17-35 yosh tofasida, 30 foizi Kattaqo‘rg‘on shahar, Samarqand, Pastdarg‘om va Urgut tumanlarida 35-45 yosh toifasida, 20 foizi boshqa tumanlarda 45 yoshdan yuqori yosh toifasida kuzatilgan.

Matbuot anjumanida bu kabi jinoyatlarning oldini olish, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish maqsadida bir qator tanlovlar e’lon qilingani ma’lum qilindi.
– Axborot texnologiyalari asrida kompyuter va raqamlashtirilgan turli xil texnikalar rivojlangani sari bundan g‘arazli maqsadda foydalanuvchilar ham ortib bormoqda, – deydi Ichki ishlar vazirligi kiberxavfsizlik markazining mas’ul xodimi Shuhrat Mamadoliyev. – Bu kabi jinoyatlar jabrlanuvchilarning o‘z harakatlari, ehtiyotsizligi oqibatida sodir etilmoqda. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlarda oson pul topish, shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish, bank kartasi kodini himoyalamaslik, telefoniga zararli mobil ilovalarni o‘rnatish, ijtimoiy tarmoqlarda turli bonusli va konkursli o‘yinlarda qatnashish bunga sabab bo‘lmoqda.

“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida kiberjinoyatlarning oldini olish hamda ogohlikni oshirish maqsadida mahallabay va xonadonbay, ta’lim dargohlari va barcha hududlarda internetdagi tahdidlardan ogohlantiruvchi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Xususan, tadbir davomida yoshlarni kibertahdidlardan ogoh etish maqsadida “Eng yaxshi mahalla”, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman”, “Sportli dasturlash”, “Eng yaxshi ommabop videokontent” kabi tanlov, chellenjlar o‘tkaziladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari