Samarqandda «CAVA Men’s and Women’s Universiade Games – 2026” musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahrida Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi tashabbusi ostida tashkil etilgan «CAVA Men’s and Women’s Universiade Games – 2026” xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada mintaqaning bir qator davlatlaridan tashrif buyurgan talaba-yoshlar jamoalari ishtirok etdi. Musobaqa davomida erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tadi.
Tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Aripov Toxir Tulkinovich, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari To‘xtayev Xusen Mirzayevich, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shakhrillo Sharipovich Mahmudov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Shukrulloyevich Fayziyev hamda boshqa martabali mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda voleybol sport turi yildan-yilga rivojlanib borayotgani, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turiga qiziqish ortib borayotgani hamda sport infratuzilmasini rivojlantirish borasida davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, voleybol sport turini xalqaro maydonda yanada rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va musobaqa ishtirokchilariga munosib sharoit yaratish masalalari haqida ham fikr bildirildi.
So‘z yakunida barcha jamoalarga musobaqalarda omad, yuqori natijalar va halol kurash tilandi.
Tantanali ochilish marosimi milliy va zamonaviy musiqiy chiqishlar, badiiy dasturlar bilan davom etdi hamda ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Bellashuvlarga keladigan bo‘lsak, Samarqand davlat universitetining voleybolchi qizlari barcha raqiblarini ortda qoldirib, g‘oliblikni (1-o‘rin) qo‘lga kiritdi. Buxorolik voleybolchi talaba qizlar ikkinchi, turkmanistonliklar esa uchinchi o‘rinni egallashdi.
Ayollar o‘rtasida:
1. SamDU (UZB)
2. BuxDU (UZB)
3. Turkmaniston (TKM)
Erkaklar o‘rtasida:
1. Turkmaniston (TKM)
2. SamDPI (UZB)
3. XIU (UZB)
Musobaqa davomida shakllangan sog‘lom raqobat muhiti, do‘stona aloqalar va professional o‘yin darajasi ushbu turnirning nufuzini yanada oshirdi. Samarqand esa yana bir bor yirik sport tadbirlarini yuksak saviyada o‘tkaza olishini namoyish etdi.
O‘zA