Samarqandda 22 texnikum faoliyat boshlaydi
Hozirda viloyatdagi kasb-hunar maktablariga oʻquvchilarning hujjatlari qabul qilinmoqda.
2020-2021 oʻquv yilidan Samarqand viloyatida 37 kasb-hunar maktabi, vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufidagi 5 kollej, oliy taʼlim muassasalari huzuridagi 22 texnikum 2020-2021 oʻquv yilidan faoliyatini boshlaydi.
Hozirda viloyatdagi kasb-hunar maktablariga oʻquvchilarning hujjatlari qabul qilinmoqda.
– Har bir tumanda aholi sonidan kelib chiqqan holda 2 tadan 5 tagacha, jumladan, Bulungʻur, Jomboy, Ishtixon, Narpay, Nurobod, Paxtachi, Samarqand, Toyloq, Qoʻshrabot tumanlarida 2 tadan, Kattaqoʻrgʻon, Payariq tumanlarida 3 tadan, Past Dargʻom tumanida 4 ta, Urgut tumanida 5 ta kasb-hunar maktabi tashkil etildi – deydi Samarqand viloyati kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari R.Fayziyev. – Bu maktablarda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan taʼlim dasturlari asosida oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat koʻrsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi iqtisodiyotimizda muhim oʻrin egallagan 51 ishchi kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi. Buning uchun viloyatdagi 634 korxona va tashkilotga zarur boʻlgan 11442 ta ish oʻrniga buyurtma asosida 7380 ta qabul rejasi shakllantirildi.Oʻquvchilar davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya (223 ming soʻm) hamda uch mahal ovqat bilan taʼminlanadi.
Joriy yilning 20-iyulidan viloyatdagi kollej va texnikumlarga ham oʻqishga qabul jarayonlari boshlanadi.