“Samarqandcha latif shahar kamroqdur...”
Azaldan insoniyat tamadduni,jamiyat taraqqiyotida shaharlar hamisha alohida oʻrin tutgani yaxshi maʼlum.
Azaldan insoniyat tamadduni,jamiyat taraqqiyotida shaharlar hamisha alohida oʻrin tutgani yaxshi maʼlum. Shu paytga qadar yer yuzida qanchadan-qancha shaharlar vujudga kelgani, ularning qanchasi tarixning suronli voqealari, turli tabiiy ofatlar natijasida yoʻq boʻlib ketgani ham ayon haqiqat.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda sayyoramizda ellik mingdan ortiq shahar mavjud. Biroq, ular orasida ikki ming yildan ziyod tarixga ega boʻlganlari barmoq bilan sanarlidir. Shu bois ham ona diyorimizda tarixi ming yillar bilan boʻylashadigan shaharlarning koʻpligi barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Mustaqillik yillarida tarixiy qadriyatlarimizni qayta tiklash, ulugʻ ajdodlarimiz yaratib qoldirgan boy maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish va keng targʻib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi shaharlarining yubileylari xalqaro miqyosda nishonlandi.2008-yilda Samarqandning ham 2750-yilligi keng miqyosda nishonlandi.
Qadim Sharqda mashhur boʻlgan “Samarqand sayqali roʻyi zamin ast” misrasi oʻtgan asrlarda qanchalik buyuk va haqqoniy mazmun kasb etgan boʻlsa, bu haqiqat, bugun ham, ertaga ham oʻz mohiyatini yoʻqotmasligi muqarrar.
Buyuk mutafakkir shoir, Nazm mulkining sultoni boʻlmish Alisher Navoiydek buyuk zotlarni kamol topishida ham Samarqand beqiyos oʻrin tutgan edi. Shu bois ul zot “Saddi Iskandariy” dostonida bu shaharni “Samarqandi firdavsmonand” deya taʼriflagan, “Majolisun-nafois” tazkirasida oʻnlab samarqandlik shoirlar ijodiga munosib baho berib oʻtganlar.Mirzo Bobur“Boburnoma”da unga “Rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahar kamrakdur” deya baho bergan.Ulugʻ ajdodlarimizning bunday eʼtiroflari bejiz emas, albatta. Ishonchli tarixiy manbalar, uzoq yillardan beri olib borilayotgan tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar, asrlar boʻyi tildan-tilga oʻtib kelayotgan rivoyatlar ham Samarqandning naqadar qadimiy, uzoq oʻtmishga ega ekanini isbotlaydi.
Tarixchi olimlarning shahodat berishicha,Samarqand toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak yodgorligi - “Avesto”da uchraydi. Unda Zarafshon vohasi“Sugʻud” va “Sugʻuda Gava” nomlari bilan tilga olinadi. Mutaxassislarning fikricha, “Sugʻuda Gava” tushunchasi vohaning aholi dehqonchilik bilan shugʻullanadigan qismiga nisbatan, “Sugʻud” atamasi uning poytaxtiga nisbatan ishlatilgan.
Bu shahar ilk bor yunon tarixchisi Arrian solnomalarida “Marakanda” nomi bilan atalgan. Milodiy340-345-yillarda bitilgan “Iskandar safarnomasi” kitobida shahar Sugʻdiyonaning poytaxti Marakunda tarzida zikr etilgan.
Samarqand nomi koʻpgina tarixiy manbalarda “Semizkent” shaklida ham uchraydi.Buyuk allomalarimiz Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshgʻariya sarlarida yozilishicha, bu soʻz qadimgi turkiy tilda boy, hosildor, serunum shahar maʼnosini anglatadi. Bu fikr bir qator xitoy, arman tarixchilarining asarlarida, Amir Temur davrida Samarqandga tashrif buyurgan ispan sayyohi Don Ryui Gonzales de Klavixo kundaliklarida, shuningdek, “Boburnoma”da ham ifoda etilgan.
Samarqand oʻz tarixi davomida ne-ne hukmdorlarni, xon va amirlarni koʻrmadi. Eron shohi Dorodan to Arab sarkardasi Qutaybaga qadar, Qonxoʻr Chingizdan to general Abramovgacha boʻlgan qanchadan qancha fotih va sarkardalar bu azim shaharni yer bilan yakson etmoq qasdida suron solib kelgan edilar. Tarixning donishmandligini koʻringki, ularning oʻzi allaqachonlar tuproqqa qorildi. Samarqand esa hanuz barhayot, hamon navqiron. Shaharni mahv etishga chogʻlangan kaslardan nishona qolmadi. Ammo, Samarqand asrlar, ming yillar osha yashab kelayotir.
Moʻgʻul istilosidan soʻng Samarqandning qaytadan qad rostlashiga, tom maʼnoda Sharqning eng benazir kentiga aylanishida ulugʻ bobokalonimiz Amir Temurning buyuk hissalarini eʼtirof etmoq joizdir. Zero, Samarqand va Amir Temur nomlari hamisha xalqimizning iftixori, cheksiz faxru gʻurur timsoli boʻla oladi.
SohibqironAmir Temur davrida bu shaharda keng miqyosda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, Samarqand nafaqat buyuk saltanatning poytaxti, balki chin maʼnoda yer yuzining sayqaliga,ilm-fan, sanʼat va madaniyat markaziga aylandi, rivojlandi. Temur va Temuriylar hukmronligi paytida bu yerda Shohi Zinda majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi va boshqa oʻnlab bebaho tarixiy yodgorliklar, madrasa va karvonsaroylar, hammom va koʻpriklar qad rostladi. Goʻzal bogʻ-rogʻlar yaratildi.
Keyingi yillarda shahar yana-da koʻrkam, goʻzal va betakror qiyofa kasb etib bormoqda. Har yili koʻplab zamonaviy inshootlar barpo etilmoqda. Ajdodlarimiz yaratib qoldirgan bebaho obidalar qayta taʼmirlanmoqda.
Joriy yilda Samarqanddagi eng goʻzal obidalardan biri – Ulugʻbek madrasasi tashkil etilganiga 600-yil toʻladi. Samarqand Davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovning yozishicha, 1420-yil 21-sentyabrda Movarounnahr hukmdori, shoh va alloma Mirzo Ulugʻbek tashabbusi bilan qurilgan ushbu madrasai oliyada ilk bor talabalarga saboq berila boshlagan, shu kuni birinchi darsni 90 nafar talabaga mashhur alloma Shamsiddin Muhammad Xavofiy oʻtgan ekan.
Taʼkidlash joizki, Samarqandda oliy taʼlim tizimi undan ancha avvalroq, milodiy X asrlardayoq boshlangan. Biroq, temuriylar davrida, xususan Mirzo Ulugʻbek hukmronligi ostida bu tizim yana-da takomillashdi. Samarqanddan tashqari, Buxoro va Gʻijduvon shaharlarida ham madrasalar bunyod etildi. 1436-yilda Koʻhak tepaligi yaqinida rasadxona bunyod etildi. Bu ilmiy maskan oʻz davridagi eng yirik observatoriyalardan biri hisoblangan:
Mir Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida bu tarixiy obida haqida shunday yozadi:
Rasadkim, bogʻlamish zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur…
Mirzo Ulugʻbek asos solgan madrasalar va ilmiy maskanlar uzoq yillar davomida Sharqning eng moʻtabar dargohlari qatoridan joy olib keldi.
Biz uzoq yillar davomida yurtimizdagi oliy taʼlim tizimini bevosita sobiq sovet hukumati siyosati bilan bogʻlashadi. Samarqandda zamonaviy koʻrinishdagi taʼlim maskani – Samarqand Davlat universitetining tamal toshi 1927-yilning 3-yanvarida qoʻyilgan, degan fikr hukmronlik qilib keldi.
Aslida bu shaharda oliy taʼlim tizimi asrlar davomida mavjud boʻlib. Tobora sayqal topib kelgan. Bu haqda tarixiy manbalardan istagancha misol keltirish mumkin.
Bugun Yevropaning bir qator oliy oʻquv yurtlari oʻzining tarixiy asosi bilan faxrlanib keladi. Jumladan Parij (Sorbonna), Praga, Saragosa, Rim, Oksford universitetlari ham dastlab diniy taʼlim berishga yoʻnaltirilgan kichik taʼlim maskanlari hisoblangan va yillar davomida takomillashib borgan.
Sharqdagi, xususan Samarqand madrasalarida esa, oʻrta asrlardan boshlab din va dunyoviy fanlar teng oʻrgatib borilgan.
Ayni paytda Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining 2020-yil 26-iyundagi qaroriga muvofiq,Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulugʻbek madrasasi vorisi sifatida 600-yilligini nishonlashga hozirlik ishlar jadal olib borilmoqda. Mazkur yubiley doirasida xalqaro ilmiy anjuman, qator festivallar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻrin olgan.
Oʻylaymizki, ushbu keng koʻlamli tadbir yurtimizdagi eng nufuzli taʼlim muassasalaridan biri – Samarqand davlat universitetining tarixiy maqomini tiklashda muhim qadam boʻlib qoladi.
Aftondil ERKINOV,
Filologiya fanlari doktori,
Rustam JABBOROV,
tadqiqotchi