Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
2024 yilda viloyatda 4656 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Jumladan, Samarqand shahrida 638 ta, Samarqand tumanida 462 ta, Urgut tumanida 336 ta oila buzilgan. Buning oqibatida 4194 nafar bola ota yoki onasiz bo‘lib qolgan. Ajrimlarning 1192 tasi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida yuzaga kelgan.
Bulung‘ur tumani Yangiariq mahallasida bir yilda 11 ta, Jomboy tumanidagi Olmazor mahallasida 9 ta, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Kunjipay mahallasida 7 ta oila ajrashgan.

Bu raqamlar viloyat hokimligida o‘tkazilgan muhokamada qayd etilib, oilaviy ajrimlarning oldini olishga mahalla yettiligidan sektor rahbarlari va hokimlargacha mas’ulligi eslatib o‘tildi.
***
Bulung‘ur tumanida investitsiya dasturi asosida 12-, 22-, 59-, 62-maktablar uchun jami 620 o‘rinli va 1-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi uchun 90 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurilib, foydalanishga topshirildi.
O‘tgan yil tumanda 22 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
***
Payariq tumanidagi 69-maktabning 330 o‘rinli qo‘shimcha binosi investitsiya dasturi asosida bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan 97-, 89-maktablarning sport zallari rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 5-maktab uchun 180 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi.

Yangi ob’ektlarning ochilish marosimida tuman faollari ishtirok etib, yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri