Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev tungi vaqtda Samarqand tumani markaziy shifoxonasiga borib, muassasaning issiqlik ta’minoti, bemorlarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Bino me’yor darajasida isitilmayotgani qayd etilib, tuman mutasaddilariga zarur ko‘rsatmalar berildi.

***
Janubiy Koreyaning Seul shahrida xalqaro Nordik universiteti va ICLEI tashkilotining Sharqiy Osiyo kotibiyati tomonidan tashkil etilgan qayta tiklanadigan energiya manbalarini samarali tashkil etish, shaharsozlik, kam uglerodli binolar hamda “yashil” transport va “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida G.Alimova ICLEI tashkilotining Sharqiy Osiyo kotibiyati rahbariyati bilan uchrashib, energiya tejaydigan binolar qurilishi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish masalalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashdi. Kattaqo‘rg‘on shahrining iqtisodiy hamda investitsiyaviy imkoniyatlari haqida taqdimot namoyish etildi.

***
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yil boshidan buyon 7 holatda 181 ming 237 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy oldi-sotdisiga chek qo‘yildi.
Ayni paytda Yangi yil bayrami oldidan ushbu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda.
***
Bahraynda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida dast ko‘tarish (184 kg) bellashuvlarida samarqandlik Sharofiddin Amriddinov oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Samarqand temiryo‘l vokzalida chempion viloyat hokimligi va sport boshqarmasi mas’ullari, keng jamoatchilik ishtirokida tantanali kutib olindi.

***
Payariq tuman tibbiyot birlashmasida joriy yilgi dasturga ko‘ra, gemodializ bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yangi bo‘limga zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar malayziyalik mutaxassislar tomonidan o‘rnatildi.
Shu paytgacha tumanda gemodializ bo‘limi mavjud emasligi sababli bemorlar Samarqand shahri yoki qo‘shni tumanlarga borishga majbur edi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri