Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ishtixon “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida obod qilinadi. Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida Ishtixon tumanidagi 31 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 20 milliard 580 million so‘mlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda tumanda Respublika ishchi guruhi ko‘magi bilan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani tajribasi asosida mahallalarni obod qilish, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish va aholi bandligini ta’minlashga kirishildi. Jumladan, Bahrin, Safoxo‘ja va Chinortepa mahallalarida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 ta transformator, 731 ta beton tayanch ustunlar o‘rnatilmoqda. 33 kilometr zamonaviy yopiq kabel tortilmoqda. 17 ta mahallada 22 kilometrdan ortiq ichki yo‘llar ta’mirlanmoqda.
****
Altaylik ijodkorlar Samarqand viloyati matbuoti tarixi bilan tanishdi. Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasining Altay Respublikasi jurnalistlar uyushmasi vitse-prezidenti Aleksey Ivashkin hamda Altay davlat universiteti o‘qituvchisi Ivan Kolsov Samarqand viloyati matbuot uyida bo‘lib, viloyat bosh nashrlari faoliyati bilan tanishdi.

Mahalliy jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Samarqand va Altay o‘lkasi jurnalistikasining yutuqlari, tajribalari haqida so‘z bordi. Mehmonlar Samarqand viloyati matbuoti tarixi muzeyini ham tomosha qildi.
****
Pastdarg‘omda 9 milliard so‘mlik kredit qarzi uchun binolar xatlandi. Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yilning 16 yanvardagi sud hujjatiga asosan qarzdor “GRANT MRAMOR INVEST” va qo‘shimcha javobgar "GRAND PERSPECTIVE STEEL" mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridan undiruvchi aksiyadorlik tijorat “Xalqbanki” foydasiga 9 milliard 497 million 841 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Pastdarg‘om tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida tumanning Kamolot va Do‘stlik mahallalaridagi qarzdorlarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, meva-sabzavotlarni saqlaydigan muzlatgich binosi xatlanib, auksion orqali sotuvga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA