"Samarqand birdamlik tashabbusi" – yoshlar nigohida
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida “Samarqand birdamlik tashabbusi – yoshlar nigohida” mavzusidagi yosh rassomlar ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash va ishtirokchilar ijodiy ishlari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida boshlangan ilg‘or va hayotbaxsh g‘oyalar yangi loyihalarga zamin bo‘layotgani, mamlakat bo‘ylab keng quloch yozayotganini ta’kiladi.

“Samarqand birdamlik tashabbusi” – ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ilgari surilgan va joriy yil BMTning 78- sessiyasida yana bir bor ta’kidlab o‘tilgan edi. Zero, "Samarqand birdamlik tashabbusi"ning maqsadi bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi“ tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

"Samarqand birdamlik tashabbusi" – yoshlar nigohida" tanlovida tasviriy san’atning rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik yo‘nalishida ijod qilayotgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 70 nafardan ortiq talabalari o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etdi.
Taqdim etilgan ijodiy ishlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zolari, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlardan iborat Hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, jami 7 nafar yosh ijodkor g‘olib, deb topildi va taqdirlandi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Adibaxon Ravshanova “Sharq gavhari” asari uchun birinchi o‘ringa, Jahongir To‘xtapo‘latov gipsdan ishlangan “Afrosiyob” asari uchun ikkinchi o‘ringa, Farrux Mamadiyorov “Samarqand ruhi” asari uchun uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, O‘lmasbek Yoqubov “Bibixonim” haykali uchun, Sabina Nusratillayeva "Samarqand ruhi" somon san’atida ishlangan asari uchun, Dilobar Abduvaliyeva “Samarqand mo‘jizasi” asari uchun, Dilrabo Yo‘ldosheva “Samarqand tarixi” asari uchun rag‘batlantiruvchi sovrin bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida Badiiy akademiyaning “Akademiya” galereyasida mazkur ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazma ham tashkil etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA