“Samarqand-2028” uchun muhim qadam tashlandi
O‘zbekistonda kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari yana kengaymoqda.
Antaliya shahrida o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi — IAC-2026 doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida Uzcosmos agentligi va STAR.VISION kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjatni Uzcosmos agentligi direktori Shuhrat Qodirov va STAR.VISION kompaniyasi Guruh bosh ijrochi direktori Dan’in Fan imzoladi.

Memorandum “Samarqand-2028” yuqori samaradorlikka ega giperspektral sun’iy yo‘ldoshi orqali olinadigan ma’lumotlardan amalda foydalanish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi. Ya’ni, yo‘ldoshdan keladigan ma’lumotlar asosida turli amaliy yechimlar ishlab chiqiladi va sinovdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi texnologiyalarni sinab ko‘rish va ularning samaradorligini baholash rejalashtirilgan. Kelgusida muvaffaqiyatli yechimlarni tijoratlashtirish imkoniyatlari ham o‘rganiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday hamkorlik O‘zbekistonda kosmik ma’lumotlardan foydalanish doirasini kengaytirish, yangi texnologiyalarni amaliyotga olib kirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA