Salomatlik va barkamollik asosi
Poytaxtimizda 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yuz mingga yaqin bola sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda, ularning 42 mingdan ziyodi qizlardir.
Poytaxtimizda 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yuz mingga yaqin bola sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda, ularning 42 mingdan ziyodi qizlardir.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsadini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘layotir. Bu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Jamg‘armaning Toshkent shahar filiali tomonidan ta’lim maskanlarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitni yaratish hamda ularni sport musobaqalariga jalb qilish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda jamg‘arma filiali tomonidan poytaxtimizdagi to‘rtta inshootda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Yakkasaroy tumanidagi 89- va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 71-umumta’lim maktablarida yangi sport zallari, Chilonzor tumanidagi Taekvondo (WTF) assotsiatsiyasiga yangi sport zali va ma’muriy bino qurilishi, Yunusobod tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabini kapital rekonstruksiya qilish belgilangan.
O‘tgan davr mobaynida jamg‘arma tomonidan shahardagi umumta’lim maktablariga gimnastika gilamlari tarqatildi. Bolalar va o‘smirlar sport maktablari stol tennisi jihozlari bilan ta’minlandi. Birgina Mirobod tumanidagi o‘n oltita umumta’lim maktabi, 44-bolalar va o‘smirlar sport maktabi va 14-ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari sport maktabi zarur sport anjomlari bilan to‘liq ta’minlandi.
Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan barcha umumta’lim maktablarida mavjud sport seksiyalaridan tashqari qo‘shimcha 1-4- sinf o‘quvchilari uchun shaxmat-shashka, 5-9-sinf o‘quvchilari uchun stol tennisi va badminton to‘garaklari tashkil qilindi. Bunday keng imkoniyatlar samarasida sport bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchilar safi tobora kengayib, ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i ortmoqda.
Turli sport musobaqalari muntazam tashkil etilayotgani o‘g‘il-qizlarni sportga qiziqtirish, ularning g‘alabaga bo‘lgan intilishini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2015-yilning olti oyi davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahar filiali tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog‘lom farzand – yurt kelajagi”, “Kamolot” shaxmat taxtasi”, “Bolalar ligasi”, “Sharq go‘zali”, “Bahor malikalari”, "Quvnoq startlar", oilaviy sportni ommalashtirish maqsadida “Otam, onam va men – sportchi oila”, “Ona sog‘lom bo‘lsa, farzand sog‘lom bo‘ladi” kabi sport musobaqalari tashkil etildi.
Bularning barchasi o‘quvchilarni sportga oshno etib tarbiyalash, ular o‘rtasida sport turlariga qiziqishni yanada kuchaytirish, pirovardida o‘g‘il-qizlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.