“Salomatlik marafoni” start oldi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan keng qamrovli “Salomatlik marafoni” rasman boshlandi. Tashabbus nafaqat tibbiy ko‘riklar o‘tkazish, balki aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va profilaktika madaniyatini shakllantirishga ham qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Marafon ochilishida tuman hokimi o‘rinbosari Xurshid Chelibayev, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari, malakali shifokorlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida yurak-qon tomir, endokrin, asab va hazm qilish tizimi bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish choralari haqida tushuntirish ishlari olib borildi.
Marafon doirasida aholi uchun skrining va profilaktik ko‘riklar, laborator va instrumental tekshiruvlar — UZI, flyuorografiya, qon tahlillari va boshqa diagnostika xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Kardiolog, endokrinolog, nevropatolog va ginekolog kabi mutaxassislar bepul maslahatlar berishdi. Shuningdek, zamonaviy mobil tibbiy xizmatlar orqali oftalmologiya, mammografiya va laboratoriya tekshiruvlari ham yo‘lga qo‘yildi, bu esa chekka va olis hududlarda yashovchi fuqarolarning ham tibbiy xizmatdan chetda qolmasligini ta’minladi.


Shu kunning o‘zida tuman tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida chuqurlashtirilgan tekshiruvlar tashkil etildi. Unda 561 nafar aholi vakillari tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Natijada 24 nafarda yurak-qon tomir kasalliklari, 12 nafarda endokrin muammolari, 24 nafarda asab tizimi bilan bog‘liq muammolar, 18 nafarda hazm qilish tizimi kasalliklari va 31 nafar ayolda salomatlik bilan bog‘liq masalalar aniqlandi. Barcha bemorlarga individual tavsiyalar berildi va davolanish jarayonlari nazoratga olindi.
Xavf darajasi yuqori bo‘lgan 5 nafar fuqaro viloyat ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yo‘naltirildi, 187 nafar esa tuman tibbiyot birlashmasining statsionar va ambulator bo‘limlarida davolanishga qabul qilindi.


— Bunday profilaktik tadbirlar bir kunlik aksiya emas, balki yil davomida izchil amalga oshiriladi, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Abdurashid Rahmonberdiyev. Uning fikricha, keng tarqalayotgan kasalliklarning asosiy sababi kamharakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish va salomatlikka befarq munosabatdir. Shu bois, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni rag‘batlantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Mahallalarda ommaviy yurishlar, salomatlik aksiyalari va ma’rifiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Aholiga zararli odatlar va nosog‘lom ovqat mahsulotlari salbiy ta’siri haqida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
“Salomatlik marafoni” aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim ijtimoiy-amaliy tashabbus sifatida alohida ahamiyatga ega. Bu sa’y-harakatlar orqali jamiyatda “sog‘lom inson — sog‘lom jamiyat” tamoyili mustahkamlanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri