Sahna asari adibning 100 yilligiga bag‘ishlandi
Buxoro viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston Xalq yozuvchisi, shoir va tarjimon Asqad Muxtor tavalludining 100 yilligi bag‘ishlab yangi drama sahnalashtirildi.
Adibning “Bo‘ronlarda bordek halovat” qissasi asosida tayyorlangan sahna asari teatr rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Mo‘minova tomonidan sahnalashtirildi.
Yozuvchi Asqad Muxtor o‘z asarlarida har bir sohada uchrashi mumkin bo‘lgan barcha ziddiyatlarni, nuqsonlarni chuqur idrok etgan holda, o‘zining nuqtai nazaridan kelib chiqib tasvirlaydi va hal qiladi. Uning har bir asarida o‘zi yashagan davrning surati bor. Adib qiyinchilikdan baxt izlagan kishilar hayotini mahorat ila tasvirlash bilan birga bizni o‘sha insonlar hayotiga beixtiyor oshno qilib qo‘yadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu asar «Bo‘ronlarda bordek halovat» deb nomlanadi.
Asardagi Zargarov, Ziyoda, Mamat, To‘maris, Kazimirov, Masha singari kishilar o‘zlarining bunyodkorlik ishlarini zavq va iroda kuchi bilan bajarib, kishilarni yangi-yangi qahramonliklarga undaydi. Ya’ni, bu obrazlar ijrosini ko‘rgan tomoshabin o‘zidagi ikkilanish va qiyinchilikdan cho‘chish xususiyatlarini yengib, hayotning turli sinovlariga bardoshli bo‘lishni o‘rganadi.
Zargarov o‘z ishini sevadigan, qat’iy fikrli tadbirkor rahbar. U xotini Fotimaning qarshiligiga qaramay cho‘lni o‘zlashtirishga, o‘zi uchun muhim bo‘lgan ishni qilishga keladi. Zargarov og‘ir sharoitli joylarda yashasada, o‘z maqsadi yo‘lida qattiq mehnat qiladi. Taqdir sinovlarida irodasi toblanadi. Uning ishlari doim ham yaxshi bo‘lavermaydi, orzulari doim ham amalga oshavermaydi. Hayotining ayrim kunlari g‘ussalar va tushunmovchilikda kechsa ham Zargarov o‘z ahdidan qaytmaydi, ortga chekinmaydi. Uning intilishlari, o‘z qilgan xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqara olishi keyingi yutuqlarining garovi bo‘ladi. Asar so‘nggida uning hayotida ham o‘zi orziqib kutgan yaxshi kunlar yetib keladi. U o‘zi singari cho‘lquvar qiz Ziyodani uchratadi va hayotini yangidan boshlaydi.
–Yetakchi sahna ustasi Rahim Ergashev yangi sahnalashtirilgan dramada Zargarov rolini mahorat bilan ijro etmoqda, – deydi Buxoro viloyati musiqali drama teatri adabiy bo‘lim mudiri Mohigul Nazarova. –Shuningdek, artistlar Sodiq Murodov, Ro‘zigul Qandova, Zayniddin Karimov, Jamila Ergasheva, Hamid Islomov, Laylo Jumayeva, Turob Jumayevlar bilan birga Rustam Rahmatov, Nafisa Saidova, Baxtiyor Najmiddinov kabi yosh artistlar o‘zlariga topshirilgan rollarni ijro etgan. Ommaviy sahnalarda teatrning balet guruhi qizlari qatnashadi.


Zarif Komilov, O‘zA