Safarbarlik batalionida ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil etildi
Toshkent harbiy okrugiga qarashli Mirzaobod tumanidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalionida askarlarni birlashtirish, ularga iliq kayfiyat ulashish va yoshlarni vatanparvarlik ruhi bilan ruhlantirish maqsadida navbatdagi ma’naviy-madaniy kecha tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi, Guliston harbiy prokuraturasi, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ullari, harbiy qism komandiri, yosh ofitserlar hamda xizmat o‘tayotgan askarlar ishtirok etishdi.


– Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning ruhiy holatini ko‘tarish, jamoaviy muhitni mustahkamlash va vatanparvarlik tuyg‘ularini ularning qalblariga chuqur singdirishdir, – deydi batalion komandiri, podpolkovnik Jahongir Usmonov. – Chunki bunday ma’naviy uchrashuvlar yosh askarlarning qalbida fidoyilik, mas’uliyat, birlik va el-yurtga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Harbiy qismda kelgusida ham yoshlar ma’naviyati va ma’rifatiga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettirilishi belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri