Safar qil, ammo vatan ichra bo‘l
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 2014 yildan beri WorldSkills Hi-Tech milliy chempionati o‘tkazib kelinadi.
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 2014 yildan beri WorldSkills Hi-Tech milliy chempionati o‘tkazib kelinadi. Oltinchi bor o‘tkazilgan bu yilgi tadbirda qatnashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Tashkilotchilar samolyot uchun chiptani Moskva orqali borish va kelishga olishibdi. 28 oktabr kuni tunda Toshkent aeroportidan havoga ko‘tarilgan samolyotimiz ertalab Moskvadagi Sheremetovo aeroportiga qo‘ndi. Bu aeroport Aleksandr Pushkin nomida. Shu sababli Moskvaga Sheremetovo orqali kelgan har bir xorijlik buyuk shoir Pushkin haqida ma’lumotga ega bo‘ladi. Ikki soat aeroportda bo‘lib “Aeroflot” aviakompaniyasi samolyotida Yekaterinburg sari parvoz qildik. Shahar aeroportiga qo‘nishimiz bilan ekipaj a’zolari “bizning aviakompaniya xizmatidan foydalanganingiz uchun rahmat. O‘ylaymizki, parvoz maroqli bo‘ldi” deya minnatdorchilik bildirishdi. Shunda o‘ylanib qoldim: masalan deylik, Toshkentdan Urganchga (respublikamizning istalgan shahriga) qo‘ngan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotining ekipaji ham shu kabi gaplarni aytisharmikan?. Agar aytishsa, yo‘lovchilar ustidan kulish bo‘lmaydimi?. Axir, havo yo‘llaridan boshqa aviakompaniyamiz yo‘q-ku?!. Yekaterinburgga esa Rossiyada mavjud barcha aviakompaniyalar samolyoti parvoz qiladi.
Tadbirning rasmiy ochilishi 28 oktabr va yopilishi 1 noyabr kuni “Yekaterinburg-Ekspo” Xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkazildi.
Men Yekaterinburgdagi “Markaziy” mehmonxonaga joylashdim. Mehmonxona 54 qavatli “Visoskiy” osmono‘par binosining shundoqqina yonida joylashgan. Meni hayratga solgani osmono‘par binoning oldida ikki qavatli yog‘ochdan qurilgan tarixiy uyning buzilmay saqlanib qolgani bo‘ldi. Bu kabi yog‘och uylarni Yekaterinburg shahrida ko‘plab uchratish mumkin. Umuman olganda tarixga bo‘lgan munosabatni ko‘rib hayratga tushdim. Meni yana hayratlantirgan narsa - ayrim uylarda “bu binoda ..... yillarda falonchi yashagan” yoki “bu binoda .... muassasa faoliyat yuritgan” degan lavhalar bo‘ldi. Mana shu lavhalarni o‘qib shahar tarixidan boxabar bo‘lish mumkin. Chunki bu ham bir tarix
Shaharda diqqatga sazovor joylardan biri Xram na Krovi (to‘liq nomi: Xram-Pamyatnik na Krovи́ vo и́mya Vsex svyatы́x, v zemlе́ Rossи́yskoy prosiя́vshix) — Qonli xram bo‘lib Rossiyaning so‘ngi podshosi - imperator Nikolay II va uning oilasi sharafiga 2000—2003 yillarda qurilgan. Aslida bu yer Ipatev ismli bir boyning uyi bo‘lgan. Nikolay ikkinchi va uning oilasi 1918 yil 17 iyulda ayni shu uyning yerto‘lasida o‘ldirilgan. Sayyohlar uchun diqqatga sazovor joy bo‘lgani bois u yerga ham bordim.
Shaharning e’tiborli jihati - troleybus va tramvaylarning xuddi avtobuslar singari yo‘lovchilarga xizmat qilayotganidir. Transportning bu uch vositasida yo‘lovchilar to‘la emas - turib ketayotgan birorta yo‘lovchini uchratmaysiz. Ammo shunga qaramay bekatda turib qolmas ekan, haydovchi ham, konduktor ham bekatda “plan” deb baqirmas ekan.
Yekaterinburgdagi o‘zbeklar bilan uchrashdim. O‘zbekistonning konsulxonasida “Ural-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati“ rahbari Abid Turatov boshchiligida bir gurux o‘zbekistonliklar bilan bir soatga yaqin suhbatlashdik. U kishining aytishicha, ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbeklar “UralMash”da ishlagan ekan. Hatto ular stolovoy (oshxona)da ovqat yemay o‘zlari uchun choyxona qurdirishgan ekan.
Men yashagan mehmonxona xodimi Fariddin aka 2010 yil hodisalaridan keyin oilasi bilan RFga kelib qolgan o‘shlik o‘zbeklardan. Avvaliga Vladivostokda yashabdi, uzoqlik qilgani bois Yekaterinburg shahriga ko‘chib kelibdi.
Men bilan suhbatlashgan o‘zbeklar albatta qachonlardir O‘zbekistonga qaytishlarini aytishdi. O‘zaro suhbatda “Rossiya fuqaroligini olayotgan o‘zbeklar ham bormi?” deya so‘radim. Suhbatdoshlarimning aytishlaricha, Markaziy Osiyodagi ayrim qardoshlarimizga nisbatan o‘zbeklar Rossiya fuqaroligini olishga unchalik ham qiziqishmas ekan. O‘zbeklarda vatanga bo‘lgan muhabbat kuchliligiga yana bir karra ishondim. Yekaterinburgdagi baland binolarni millatdoshlarimiz qurmoqda. Qurilish brigadirlaridan biri Saydali Abraev shahar aylantirdi. U 1986 yilda Qarshida tug‘ilgan. 18 yoshida Yekaterinburg shahriga kelgan va faoliyatini oddiy ishchi sifatida boshlagan. Hozir katta rahbar. Qo‘lida yozda 300ga yaqin, qishda 70ga yaqin ishchi ishlaydi. Yaxshi yigit ekan. Shinamgina “Shahrixon“ oshxonasida tushlik qildik.
Bir soniyada ham Yevropada, ham Osiyoda bo‘lish mumkinmi? Mumkin ekan. Buning uchun Yekaterinburg shahriga borish kerak. Shahardan 20 kilometr uzoqlikda Yevrosiyo chegarasi bor. Qalin qor yog‘ayotgan bo‘lishiga qaramay o‘sha yergacha bordim. Rus kinolarini tomosha qilish asnosida rus o‘rmonlariga qiziqib qolgan edim. Niyat xolis bo‘lsa erishar ekansiz. Ko‘rish nasib qildi. Bir multfilmda ta’kidlaganidek, “Rus dalasi - bepoyon dala, oy nur sochar, qor yog‘ar qara...“
Yekaterinburgda “supermarket“ qidirib ovora bo‘lish kerak emas. Baribir topa olmaysiz. Yaxshisi “Savdo markazi”ni qidirish kerak.
Rossiya birinchi prezidenti sharafiga Yekaterinburgda Prezident B.N.Yelsin markazi (Yelsin sentr) qurilgan. Yekaterinburg-Siti yaqinidagi mazkur madaniyat, jamoat va ma’rifiy markaz 2015 yilda ochilgan. Markazda Boris Yelsin hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey ham bor. Shuningdek, markazda art-galereya, kino-konferens zal, kitob do‘koni, qahvaxona, arxiv, kutubxona kabi turli muassasa va tashkilotlar faoliyat yuritadi. Markazda muntazam ravishda ma’ruzalar, ko‘rgazmalar, festivallar va turli tadbirlar o‘tkazib turiladi. “Yelsin-sentr“ 2008 yilda qabul qilingan “O‘z vakolatlarini to‘xtatgan RF prezidentlarining tarixiy merosi markazlari to‘g‘risida” qonun asosida tashkil etilgan.
Bu yerga borishim asnosida bir fikr tug‘ildi. O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi uchun Eski shahardan - Islom sivilizatsiyasi markazi va Xastimom atrofida yangi bino qurib, hozirgi binoni “Sharof Rashidov markazi” deya atasak bo‘lmaydimi? Yaxshi va savob ish bo‘lardi. Chunki O‘zbekiston tarixi muzeyi uchun hozirgi bino juda ham tor. Bu bino bir vaqtlar bir inson tarixi uchun qurilgan edi. Shu sababli binoni Sharof Rashidov jamg‘armasiga berish va “Sharof Rashidov markazi” deya atash kerak.
2 noyabr- shanba kuni erta tongda vatan sari yo‘lga chiqdim. Moskvada to‘xtab o‘tdim. Rossiya poytaxtiga samolyotimiz soat 9da qo‘ndi. Toshkentga samolyot 20.20da. Shu sababli shahar aylanishga qaror qildim.
Qizil maydonni va uning atrofidagi binolarni, Bolshoy teatr, Davlat Dumasini tomosha qildim. Aleksandr bog‘idagi Noma’lum askar qabrini borib ko‘rdim. Umuman Moskvadagi tarixiy binolarning saqlanib qolinishiga, ularga bo‘lgan munosabatga havas bilan qaradim.