Sadoqatning kasbiga sadoqati
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat matematika maktabida 45 nafar oʻqituvchi yoshlarga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat matematika maktabida 45 nafar oʻqituvchi yoshlarga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Maktab oʻqituvchilari doimiy ravishda “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib keladi. Soʻnggi yetti yil ichida maktabning 7 nafar fan oʻqituvchisi “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli 1-oʻrinni egalladi. Shuningdek, jamoada “Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan oʻqituvchilar bor. Biologiya fani oʻqituvchisi Sadoqat Qoʻchqorova ulardan biri.
Muallima darslarni samarali tashkil etishi, oʻz ishiga fidoyiligi bilan hamkasblari va oʻquvchilar oʻrtasida hurmat qozongan. U oʻz ustida tinmay izlanishi, taʼlim sohasidagi yangiliklarni mehnat faoliyatida mahorat bilan qoʻllashi, yangi gʻoyalar ustida ishlashi natijasida oʻquvchilarining oʻzlashtirish koʻrsatkichini oshirishga erishib kelmoqda.
Sadoqat Qoʻchqorova “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi-2017” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻolibi va “Xalq taʼlimi aʼlochisi” unvoniga sazovor boʻlgan. Viloyat miqyosida oʻtkazilgan “Eng yaxshi innovatsion gʻoya”, “Eng yaxshi videodars”, “Eng yaxshi nazorat materiallari” kabi tanlovlarda yaxshi natija koʻrsatgan.