Rus tili fani o‘qituvchilari uchun: 50 foiz ustama olmoqchimisiz?
Xalq ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va Gersen nomidagi Rossiya Davlat pedagogika Universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Zo‘r” (Klass) loyihasi doirasida rus tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha (TRKI - Test po russkomu yazыku kak inostrannomu) sinovlar o‘tkazilgan edi. Mazkur test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga tegishli sertifikatlar topshiriladi.
Sertifikatlarni pedagoglar boshlab tegishli xalq ta’limi bo‘limidan, joriy yil 24 fevraldan shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan olishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 yanvardagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning fevral oyidan mazkur TRKI S1 sertifikatiga ega bo‘lgan, ta’lim tili rus tili bo‘lmagan maktablar va sinflarda dars beradigan rus tili o‘qituvchilariga sertifikat berilgan sanadan boshlab, 2 yil davomida oylik ish haqlariga 50 foiz ustama belgilanadi.
“Zo‘r” (Klass) loyihasining 3-bosqichi doirasida hududlardagi rus tili fani o‘qituvchilari uchun o‘tgan yil yakunida TRKI – rus tilini chet tili sifatida testdan o‘tkazish, TPK – pedagogik kompetensiyani aniqlash test sinovlari o‘tkazilgan.
Rejaga ko‘ra, 13 840 nafar o‘tishi kerak bo‘lsa, shundan, 11 384 nafar rus tili fani o‘qituvchisi test sinovlariga jalb qilindi. Ulardan 2502 nafari TRKI-(S1) va TRKI-( B2) Sertifikatiga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida shu kunga qadar jami 19 661 nafar rus tili fanidan dars beruvchi o‘qituvchining tilni bilish bo‘yicha ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Shundan 6174 nafar o‘qituvchi Rossiyaning davlat namunasidagi S1 va V2 darajadagi til bilish sertifikatiga ega bo‘ldi.
Sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar loyihaning keyingi bosqichlarida imtihondan o‘tish imkoni berilishi mumkin.
A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyihaning keyingi 4-bosqichida jami 150 nafar Rossiyalik mutaxassislar, shundan, 20 nafar metodist va 130 nafar o‘qituvchi O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan. Gersen nomidagi RDPU mutaxassislari bilan hamkorlikda kimyo, fizika, biologiya, matematika, geografiya fanlaridan malaka oshirish kurslarining kontenti (har bir fandan 36 tadan, jami 180 ta videodarslar, taqdimotlar) tayyorlanadi.
Shuningdek, 4500 o‘qituvchi rus tilini bilish testdan o‘tkaziladi va 1500 o‘quvchi ham test sinovlarini topshirib, bilim darajasini aniqlaydi.
Tizimda islohotlar davom etmoqda.
O‘zA