Rossiyaning yetakchi banklari SWIFTdan o‘chirilgandan keyin O‘zbekiston banklarida qanday muammolar vujudga keldi? – Markaziy bank raisi javob berdi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi, tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan xatarlar va iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar va ularning mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’siri bo‘yicha ma’lumot berdi.
– Bugun O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi qanchalik barqaror? Tashqi geosiyosiy vaziyatning O‘zbekistondagi inflyatsiyaga ta’siri qanday bo‘lmoqda?
– Ma’lumki, oxirgi yillarda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi pasayuvchi dinamikaga ega bo‘ldi. Xususan, 2021 yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 10 foizgacha pasaygan bo‘lsa, joriy yil mart oyi yakunida yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Markaziy bank pul-kredit siyosatini inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazish doirasida inflyatsiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirishni belgilagan edi.
bugungi jahon bozorida oziq-ovqat tovarlari, energiya resurslari va xomashyolar narxining qimmatlashishi import inflyatsiyasi orqali bizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi, albatta.
Shuni aytish joiz, yil boshida amalga oshirilgan makroiqtisodiy prognozlarda yil yakuni bo‘yicha inflyatsiyaning 8-9 foizgacha pasayishi kutilgan edi. Biroq, yuzaga kelgan tashqi xatarlar va noaniqliklar fonida Markaziy bank inflyatsiya darajasining 12-14 foizgacha tezlashishi mumkinligini hamda 2023-2024 yillarda bir maromda pasayib borishini prognoz qilmoqda.
Bunday sharoitda Markaziy bank iqtisodiyotda qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlash orqali monetar omillarning inflyatsiya darajasiga ta’sirini minimallashtirish va o‘rta muddatli istiqbolda (2023 yilning oxiri va 2024 yilning birinchi yarmida) inflyatsiyani o‘zining maqsadli ko‘rsatkichiga (5 foizlik targetiga) qadar pasaytirishga asosiy e’tiborni qaratadi.
– Markaziy bank tashqi omillarni hisobga olib so‘m kursining keskin devalvatsiya bo‘lishini oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqchi?
– Markaziy bank milliy valyuta almashuv kursi prognozini amalga oshirmaydi. So‘mning almashuv kursi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif asosida shakllanib boradi.
Joriy yilning dastlabki choragida, ayniqsa, mart oyining birinchi yarmida tashqi xatarlar ta’sirida iqtisodiyot sub’ektlarining devalvatsion kutilmalarining ortishi hisobiga milliy valyuta almashuv kursi 5 foiz atrofida qadrsizlandi va qariyb barcha qisqa muddatli o‘zgarishlarni (shoklarni) qamrab oldi.
Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarini oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida “oltin-valyutalari neytralligi tamoyili” doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalarni amalga oshirib boradi. Bunda, Markaziy bank almashuv kursining fundamental trendiga ta’sir etmaydi va valyuta kursi tashqi shoklarga moslashgan holda shakllanib boradi.
Umuman olganda, inflyatsion targetlash rejimi doirasida (nazariy jihatdan ham, xalqaro tajriba bo‘yicha ham) o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mamlakatda inflyatsiya darajasining pasayib borishi hisobiga almashuv kursi qadrsizlanishi ham sekinlashib boradi.
– Agar asosiy stavka o‘zgarishsiz qolsa, yilning qaysi davrigacha stavkani tushirish mumkin? Bu borada Markaziy bankning rejalari qanday?
– Markaziy bank boshqaruvining bugungi yig‘ilishi qarori bilan asosiy stavka yillik 17 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolindi. 2022 yil yakuniga qadar yana 5 marotaba ko‘rib chiqish rejalashtirilgan bo‘lib, navbatdagi boshqaruv yig‘ilishi 9 iyun sanasiga belgilangan.
Kelgusi boshqaruv yig‘ilishlarida joriy tashqi geosiyosiy vaziyatning qanday rivojlanishi, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar, inflyatsiya dinamikasi va uning prognozi, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalaridan kelib chiqib asosiy stavka bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasidan katta miqdorda kredit resurslarini jalb qildi. Bu banklar yirik iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirishi lozimligini hisobga olsak, O‘zbekiston sanksiyalar tufayli bu mablag‘lardan mahrum bo‘lishi xavfi bormi?
– Tijorat banklarining xorijiy banklar oldidagi jami majburiyatlari tarkibida qattiq sanksiyalarga tushgan banklardan jalb qilingan moliyaviy resurslar ulushi yuqori emas.
Ta’kidlash joizki, mahalliy banklar tomonidan qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan jalb qilingan majburiyatlarini o‘z vaqtida va ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalari jalb qilingan.
Har bir tranzaksiya yuridik kompaniyalar xulosasi asosida amalga oshirish choralari ko‘rildi. Bu, o‘z navbatida, kelgusida yirik iqtisodiy loyihalarni uzluksiz moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya bozorlaridan muammosiz resurslar jalb etish imkoniyatini yaratmoqda.
– Rossiya banklari bilan xalqaro hisob-kitoblar qanday amalga oshirilmoqda? Rossiyaning yetakchi banklari SWIFTdan o‘chirilgandan keyin bizning banklarimizda qanday muammolar vujudga keldi va ular qanday hal qilinadi?
– Ta’kidlash joizki bugungi kunda tijorat banklari tomonidan, mijozlarining Rossiya va Belarus davlatlarida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan barcha eksport-import shartnomalari inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan tashqi savdo amaliyotlarni o‘tkazishda tijorat banklari tomonidan sanksiyalar ro‘yxati doimiy ravishda yangilanib, o‘z mijozlariga qat’iy sanksiyalarga tushmagan hamkorlar va banklar bilan moliyaviy munosabatlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berib kelinmoqda.
– Xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyada faoliyatini to‘xtatishi bilan u yerdan respublikamizga pul o‘tkazishda qanday muammolar vujudga keldi va ular qanday hal qilinadi?
– Mart oyining birinchi yarmida vaziyatdan kelib chiqqan holda ayrim xalqaro pul o‘tkazmalari operatorlari faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar yoki to‘xtalishlar kuzatilgan edi. Ushbu to‘xtalishlarga o‘sha paytda vujudga kelgan noaniqliklar sabab bo‘lgan.
Qayd etish lozimki, Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi ko‘plab tizimlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ba’zi tizimlarda uzilishlar vujudga kelganda ularning boshqa muqobilidan foydalanish imkoniyati mavjud.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA