Rossiya – Ukraina nizosi: qisqa sulhdan keyin
Rossiya va Ukraina o‘rtasida 9-11-may kunlari amal qilgan qisqa muddatli sulh tugagach, front va diplomatik maydondagi faollik yana keskinlashdi.
DW xabariga ko‘ra, muvaqqat tinchlik vaqti yakunlangandan keyin Rossiya Ukraina hududiga yana ommaviy dron va raketa hujumini amalga oshirgan. Kiyev ma’muriyati zarbalar poytaxt, Xarkov kabi yirik mintaqalardagi infratuzilma ob’ektlariga qaratilganini aytgan. Rasmiylar sulh davrida ham frontda to‘qnashuv to‘liq to‘xtamaganini ta’kidlamoqda.
Siyosiy jihatdan e’tiborli jihati shundaki, bu sulh to‘liq kelishuv emas, balki qisqa gumanitar tanaffus sifatida baholanmoqda. Turli xalqaro manbalarda qayd etilishicha, har ikki tomon bir-birini bitimni buzishda ayblagan.
“The Economist” tahlili ham urush sur’atida muayyan o‘zgarish kuzatilayotganini ko‘rsatdi. Nashr yozishicha, so‘nggi uch yilda birinchi marta tashabbus qisman Ukraina tomoniga o‘tayotgandek tasavvur paydo bo‘lmoqda. Ayni xulosaga ruslarning bahorgi hujumi kutilgan natija bermagani, ayrim hududlarda RF kuchlari o‘z nazoratidagi manzillarni yo‘qotgani asos qilib keltirilgan.
Qolaversa, Kiyevning uzoq masofaga uchadigan dron hujumi alohida qayd etilmoqda. Ayrim g‘arb kuzatuv markazlari Ukraina droni Rossiya ichkarisidagi neft ob’ektlari va logistika tarmog‘iga zarba berishi ortidan Moskvaga iqtisodiy va harbiy bosim kuchayganini yozmoqda.
Bir guruh ekspertlar hali urush taqdirini hal qiluvchi burilish to‘g‘risida gapirishga erta ekanini ta’kidlamoqda. RF hanuz ulkan resurs va safarbarlik imkoniyatiga egaligi, frontda jadallik saqlanayotgani qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqining yangi cheklovi mojaroning gumanitar jihatini yana kun tartibiga olib chiqdi. YeI ukrainalik bolalarni majburiy ko‘chirish va assimilyatsiya qilish jarayoniga aloqador deb hisoblangan rossiyalik 16 shaxs va 7 tashkilotga qarshi sanksiya joriy qildi. Yevropa Kengashi bayonotida ruslarning bunday harakati noqonuniy deportatsiya va majburiy assimilyatsiya sifatida ta’riflangan.
Diplomatik frontda yana bir qiziq tashabbus Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga tomonidan ilgari surildi. “Politico” nashri yozishicha, Kiyev Yevropa davlatlari vositachiligida aeroportlar bo‘yicha sulh formati, ya’ni fuqarolik aviatsiyasi ob’ektlariga hujumni vaqtincha to‘xtatish g‘oyasini muhokama qilmoqda. Mazkur g‘oya Ukrainada havo qatnovini qisman tiklash va iqtisodiy hayotni jonlantirish maqsadi bilan bog‘langan.
Xullas, vaziyat ko‘rsatyaptiki, urush yana bir murakkab bosqichga kirmoqda. Bir tomondan frontdagi bosim va hujum davom etyapti. Ikkinchi tomondan Yevropa va G‘arb davlatlari sanksiya, diplomatik tashabbus va harbiy qo‘llab-quvvatlash orqali jarayonga ta’sir o‘tkazishga harakat qilyapti.
Dilshod Hakimov, O‘zA