“Rohatoy”da terim surʼati baland
Joriy yilda paxta xom ashyosi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Joriy yilda paxta xom ashyosi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Urugʻlik chigit, mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash mahsulotlari oʻz vaqtida dala boshiga yetkazilib berildi. Ana shu omillar va suvdan oqilona foydalanish, dehqonu-fermerlarning fidokorona mehnati evaziga dalalarda moʻl hosil toʻplashga erishildi.
Endigi asosiy maqsad, halol mehnat hamda katta xarajat evaziga yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda va sifatli yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishdan iborat. Fargʻona viloyatida ham mavsum uyushqoqlik bilan tashkil etilgan.
Fargʻona viloyati Quva tumanidagi "Rohatoy” fermer xoʻjaligida yigʻim-terim ishlariga 120 nafardan ortiq terimchilar jalb qilindi. Birinchi terimning oʻzida 18,7 gektar yerda parvarishlangan “S-8290” navli paxtadan 60 tonnadan ziyod hosil yigʻishtirib olindi.
– Paxtachilikda klaster tizimining joriy qilingani fermerlar manfaatdorligini oshirdi, – deydi xoʻjalik rahbari Tursunali Teshaboyev. – Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, paxtachilikdan 500 million soʻmdan ortiq daromad olamiz. Dalalarimizda hosil choʻgʻi moʻl. Mavsumda 90 tonnadan ortiq paxta terib olamiz. Bu fermer xoʻjaligida qoʻshimcha tarmoqlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini beradi.
Paxtazorlarda terimchi qizlar shijoat bilan mehnat qilmoqda. Paxta qabul punktlari tomon yelib borayotgan karvonlarning keti uzilmaydi. Barcha yaratuvchilik ishqida mehnat qilmoqda, yurt tinchligiga shukrona keltirmoqda.
– Xalqimizning rizq-nasibasi terilayotgan shunday kunlarda uyda oʻtirib boʻladimi, axir, – deydi Oysanam Umrzoqova oppoq, loʻppi paxtalarni qoʻlga olib. – Har kuni 120-150 kilogrammga yetkazib paxta teryapman. Terilgan har kilogramm paxtaga ming soʻmdan pul olyapmiz. Bepul tushlik, transport ajratib berilgan. Terim ilgʻorlari fermer xoʻjaligi tomonidan ham alohida ragʻbatlantirib borilyapti.
Paxta dalalarida mehnat zavqi baland. Chunki bugun umid bilan yerga urugʻ qadagan dehqon ham, qalb amri bilan dalaga chiqib, yetishtirilgan hosilni yigʻishtirib olishda ishtirok etayotgan terimchilar ham chanoqlarda jamlangan “oq oltin” xirmonini yuksaltirish maqsadida mehnat qilmoqda.