Rodosda odamlar ommaviy ko‘chirildi
Rodosda o‘rmon yong‘ini tufayli 19 ming kishi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Bu Gretsiya tarixida eng yirik evakuatsiya amaliyoti, deb axborot tarqatdi davlatga qarashli “ERT” telekanali. Orolda yong‘in o‘tgan hafta seshanba kuni boshlangan edi. Vaziyat nazoratdan chiqib ketgani bois, juda ko‘p uy yonib ketdi. Mahalliy hukumat fikricha, jami 30 ming kishi ko‘chirilishi kerak.
“Yong‘in kengayib, ayrim joylarda alanga balandligi besh metrga chiqqan. Kechasi kuchli shamol esib, olov xavf solayotgan aholi punktlaridan odamlar ko‘chirildi. Bu aholi va turistlar ko‘chirilishi bilan bog‘liq mamlakat tarixidagi eng yirik holat hisoblanadi. Politsiya ma’lum qilishicha, xavfsiz joyga ko‘chirilganlarning 16 ming nafari quruqlik, 3 mingi dengiz orqali olib o‘tilgan.