Robot boshqaradigan avtonom do‘kon ishga tushdi
Xitoyning Galbot kompaniyasi tomonidan yaratilgan va to‘liq gumanoid robot tomonidan boshqariladigan oziq-ovqat do‘koni rasman ishga tushdi. Bu do‘kon inson aralashuvisiz ishlovchi ilk avtonom savdo nuqtasi hisoblanadi.
Do‘konda yagona xodim — Galbot G-1nomli sun’iy intellektga ega gumanoid robot. U tashrif buyuruvchilarni kutib oladi, buyurtmalarni qabul qiladi va mahsulotlarni yetkazib beradi. Do‘kon kichik bo‘lishiga qaramay, kuniga minglab mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Robot mustaqil ishlayotgan bo‘lsa-da, u hali barcha jihatdan mukammal emas. Galbot G-1mahsulotlarni sekin harakat bilan olib keladi, bu esa uzun navbatlarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, tashqi shovqinlar robotning mijozlar bilan muloqotini qiyinlashtirishi mumkin.
Galbot kompaniyasi rahbari Ven Ayrong bu loyiha haqida shunday deydi: - Bu faqat do‘kon emas, balki chakana savdoga bo‘lgan yondashuvimizdagi yangi bosqichdir. Biz bu texnologiyani Xitoyning boshqa shaharlariga ham yoyishni rejalashtiryapmiz.
Kompaniya hozirda robotlarning tezligini oshirish, shovqinga moslasha oladigan ovoz tizimlarini joriy etish va sun’iy intellektni yanada takomillashtirish ustida ishlamoqda.
Bu loyiha savdoning kelajagi haqida jiddiy savollarni o‘rtaga tashlamoqda. Avtonom do‘konlar doimiy ishlashi, ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etishi va xarajatlarni kamaytirishi mumkin. Biroq hozircha bu faqat sinov bosqichi.
Robotlar odam o‘rnini bosa oladimi yoki bu faqat marketing tajribasimi — vaqt ko‘rsatadi. Lekin bir narsa aniq: Pekindagi bu kichik do‘kon katta texnologik o‘zgarishlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dFRfw4bPlmk?si=8061JMvsoEXgItdv" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA