Rizq-ro‘zimiz isrof bo‘lmasin
Andijon viloyatida 80 ming 200 gektar maydonda yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish, o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, ayniqsa, g‘allani yong‘indan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligi borasidagi ishlarni o‘z muddatida va yuqori saviyada tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Andijon viloyatida 80 ming 200 gektar maydonda yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish, o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, ayniqsa, g‘allani yong‘indan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligi borasidagi ishlarni o‘z muddatida va yuqori saviyada tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari, tajribali dehqonlar, fermerlar bilan hamkorlikda yong‘in kelib chiqishining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari olib borildi.
Mavsumga jalb etilgan 301 kombayn, 1400 dan ziyod yuk mashinasi, 57 tirkamali, 40 plugli traktor, 129 yonilg‘i tashish hamda 137 texnik xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan transport vositalari tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning bir maromda ishlashi ta’minlanmoqda.
“O‘zdonmahsulot” davlat aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli 3 donni qayta ishlash, 14 don qabul qilish va saralash korxonasida mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yong‘inning oldini olish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring olib borilmoqda. Monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, jamoalarda tushuntirish-targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda.
Viloyatda tashkil etilgan g‘allani o‘rish otryadlariga yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari biriktirilib, belgilangan ishlar reja asosida olib borilmoqda.
– “G‘alla – 2015” mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, tushuntirish-targ‘ibot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida yangi panno va shiorlar tayyorlanib, serqatnov yo‘l chetlariga o‘rnatildi, – deydi Andijon viloyati IIB YoXB muhandisi Erkinjon Jabborov. – Shuningdek, murojaatnomalar, 12 xil ko‘rinishdagi eslatma va plakatlar tayyorlanib, aholi gavjum joylarga, shiyponlar, g‘allani qabul qilish, saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga, g‘allani o‘rish va tashishda qatnashadigan transport vositalariga ilib qo‘yildi.
Ayni kunda o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, eng muhimi, xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan g‘allani o‘z vaqtida, isrof qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.