Ringda g‘olib, safda fidoyi Otabek
Ba’zi insonlar g‘alabani sport maydonida qo‘lga kiritadi. Ayrimlar esa Vatan xizmatidagi fidoyiligi bilan el hurmatiga sazovor bo‘ladi. Shunday insonlar borki, ular har ikki yo‘lda ham yuksak natijaga erishadi. Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi «Tadbirkor» mahallasida voyaga yetgan Otabek Xolmatov ana shunday jasoratli va matonatli yoshlardan biridir. U bugun nafaqat professional boksda, balki ichki ishlar organlaridagi sharafli xizmati bilan ham yurtdoshlarining e’tirofini qozonib kelmoqda.
Otabek Xolmatovning hayot yo‘li mehnat, intilish va Vatanga sadoqatning yorqin namunasidir. Professional bokschi, Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimi hamda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohibi Otabek bugun nafaqat sirdaryoliklar, balki mamlakatimiz yoshlari uchun ham munosib ibratga aylangan.
Uning sportga bo‘lgan mehri bolalikdan boshlangan. Ilk bor boks zaliga qadam qo‘yganidayoq xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishni niyat qildi. Ammo uning bu niyati osonlikcha ushalmadi. Mashaqqatli mashg‘ulotlar, mag‘lubiyatlardan chiqarilgan saboqlar, tinimsiz mehnat va mustahkam iroda sportdagi ulkan muvaffaqiyatlarining poydevoriga aylandi.
Otabek bolaligidagi ilk mag‘lubiyatidan keyin hatto boksni tashlash haqida ham o‘ylagan. Ana shunday og‘ir pallada otasi Shuhrat aka aytgan quyidagi so‘zlar uning butun hayotiga yetarlicha saboq bo‘ldi:
— Hali oldinda bundan ham katta sinovlar kutadi. Irodangni yo‘qotmasang, albatta maqsadingga yetasan.
U Toshkent Olimpiya zaxiralari kolleji hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil oldi. 2014-yil o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. 2016-yil yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ayniqsa, mazkur musobaqaning chorak finalida Dominikan Respublikasi vakiliga qarshi kechgan jang uning irodasini yana bir bor namoyon etdi. Birinchi raundda qiyin ahvolga tushganiga qaramay, o‘zini tezda tiklab, bellashuvni 5:0 hisobida g‘alaba bilan yakunladi.

Shundan so‘ng Otabek qator xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi. Havaskor boksda ko‘p karra mamlakat chempioni bo‘ldi, qit’a va jahon birinchiliklarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘z iqtidorini namoyon qildi.
Professional boksga o‘tgach esa uning iqtidori yanada yorqin ochildi. U bugungi kunga qadar o‘tkazgan 14 ta professional jangining 13 tasida g‘alaba qozonib, o‘z vazn toifasida jahonning kuchli bokschilari safidan munosib o‘rin egalladi. Mutaxassislar uni chempionlik kamari uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida e’tirof etmoqda.
Biroq Otabek Xolmatovning hayoti faqat sport bilan cheklanmaydi. U Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida kasbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tizimida xizmat boshladi. Hozirda Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadida xizmat qilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va tinchlik-osoyishtalikni muhofaza qilishdek mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan ado etmoqda.

Ringdagi jasorat va xizmatdagi mas’uliyat uning hayotida uyg‘unlashgan. Sportdagi yutuqlari, davlat xizmatidagi fidoyiligi, boshqacha aytganda, yoshlar uchun ibrat bo‘layotgan faoliyati davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyundagi qaroriga muvofiq, Otabek Xolmatov «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

— Prezidentimizning qo‘lidan davlat mukofotini qabul qilish men uchun beqiyos sharaf. Bu ishonch zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Endi yanada ko‘proq mehnat qilib, O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenalarida yanada baland hilpiratishim uchun bor kuchimni safarbar qilaman, — deydi Otabek Xolmatov.
Uning bugungi yutuqlari ortida ustozlari va oilasining mehnati ham mujassam. Ilk murabbiyi Temur Axbayev Otabekning bolaligidanoq intizomli, mehnatkash va maqsadga intiluvchan bo‘lganini alohida ta’kidlaydi. Kikboks bo‘yicha ustozi Alisher Abdullayev esa uning har bir jangga katta tayyorgarlik bilan chiqishini e’tirof etadi.
Onasi Manzura opa farzandining har bir g‘alabasini yillar davomidagi mehnat, sabr va ishonchning samarasi deb biladi. Otabek uchun eng katta ruhiy tayanch esa otasi Shuhrat akaning xotirasidir. Uni ilk bor sport zaliga yetaklagan, qiyin pallalarda dalda bergan otasining nasihatlari bugun ham uni yangi marralar sari ilhomlantirib kelmoqda.
Bugun Otabek Xolmatov oldida yanada yuksak maqsadlar turibdi. Jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritish, O‘zbekiston bayrog‘ini eng nufuzli musobaqalarda baland ko‘tarish va yoshlar uchun munosib ibrat bo‘lish — uning eng ulug‘ maqsadlaridir.
Ayni paytda u yurtdan olisda — Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib, navbatdagi muhim professional jangga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Otabek Xolmatovning hayot yo‘li yana bir haqiqatni tasdiqlaydi: haqiqiy g‘alaba faqat iste’dod bilan emas, balki mehnat, mustahkam iroda, Vatanga muhabbat va o‘z burchiga sadoqat bilan qo‘lga kiritiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri