Rezolyutsiyaning ahamiyati va istiqbollari
“Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” to‘g‘risidagi Rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78 sessiyasida ilgari surilgan edi.

Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilib, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini qayd etib, Prezidentimiz Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Rezolyutsiya matnini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha hukumatlararo muzokaralar jarayoni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan. Maslahatlashuvlarda dunyoning barcha qit’alaridan jami yuzdan ortiq davlatning ekspertlari faol ishtirok etib, matnni o‘ziga xos mazmun bilan to‘ldirish va umumiy konsensusga erishish uchun ko‘plab takliflarni kiritishgan. Rezolyutsiya BMTga a’zo bo‘lgan 35 ta davlat hammuallifligida tayyorlanib, barcha Markaziy Osiyo davlatlari nomidan taqdim etildi.
2023 yil 19 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan ushbu rezolyutsiyani ma’qulladi.
Hujjat matnida O‘zbekiston Prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, “Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi” va uning mintaqada barqaror rivojlanishga ko‘maklashishdagi roli alohida qayd etilgan. Shuningdek, Rezolyutsiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tashabbuslari ham bayon etilgan.
Rezolyutsiyaning ahamiyati shundaki, unda Markaziy Osiyo, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish va iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ko‘rish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligi alohida qayd etilgan. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasining noyob ekologik ahamiyatini, Orol dengizi qurishining og‘ir oqibatlarini hisobga olib, Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va moliyaviy hamda texnik yordam ko‘rsatish zarurligi belgilangan.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurash maqsadida barqaror qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurash, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, “aqlli shaharlar” va barqaror transportni yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Markaziy Osiyo, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik muammolarni hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish va iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ko‘rish uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash juda muhimdir.
S.Utemuratova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA