Rezina quvur fuqaroning o‘limiga sabab bo‘ldi
Yashash baxti har bir insonga berilgan in’om. Ana shu in’om etilgan umrni mazmunli o‘tkazish, yaxshi nom qoldirish har kimning o‘ziga bog‘liq. Birovning hayoti va sog‘ligiga qilingan tajovuzni esa oqlash yoki xaspo‘shlashning imkoni yo‘q.
2022 yil 7 fevral kuni soat 17:00 larda 43 yoshli Yu.O. Toshkent shahri Bektemir tumani Majnuntol mahallasida joylashgan xonadonda bo‘la turib, ushbu xonadonda ta’mirlash ishlarini olib borish uchun o‘zi bilan birga kelgan 43 yoshli B.E. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida, o‘zaro janjallashib, Yu.O. rezinadan ishlangan quvur (shlang)ning bo‘lagi bilan B.E.ni tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, B.E. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.
Yashash huquqi insonning eng asosiy, ham tabiiy, ham ijtimoiy huquqi. Konstitutsiyamizning 24-moddasida ham “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, deb qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Yu.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA