Reyd va tushuntirish ishlari davom etmoqda, biroq…
Karantin tadbirlari eʼlon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar Namangan viloyati boʻyicha qoidalarga amal qilmaslik bilan bogʻliq jami 2011 ta holat aniqlangan.
Karantin tadbirlari eʼlon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar Namangan viloyati boʻyicha qoidalarga amal qilmaslik bilan bogʻliq jami 2011 ta holat aniqlangan.
Shundan 135 tasi karantin hududini tashlab ketish, 1796 tasi tibbiy niqob taqish qoidalarini buzish, 80 tasi boshqa holatlardir.
Karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan hamon qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yilning 3-aprel kuni Toshkent shahridan vodiyga harakatlangan 5 ta yuk mashinasi Namangan yoʻl patrul maskanida YPX xodimlari tomonidan tekshirish uchun toʻxtatilgan vaqtda transport vositalarida yuk oʻrniga yoʻlovchilar borligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan qonuniy chora koʻrilib, barcha yoʻlovchilar karantin nazoratiga topshirildi.
5-aprel kuni viloyat boʻyicha 139 ta karantin qoidalarini buzish holati qayd etildi. Shu kuni YPX xodimlari tomonidan Namangan shahrida oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida Amir Temur va Navoiy koʻchasi kesishmasida toʻxtash ishorasiga boʻysunmay qochib ketgan “Neksiya” avtomashinasi Amir Temur koʻchasida xizmat qilayotgan xodimlar tomonidan toʻsib ushlangan vaqtda haydovchining spirtli ichimlik isteʼmol qilgani maʼlum boʻldi.
Hududlar kesimida olib qaraganda eng koʻp qoida buzish holatlari Namangan shahrida 51 ta, Chortoq tumanida 26 ta, Toʻraqoʻrgʻon tumanida 18 ta qayd etildi.
Namangan viloyati IIB YHXB va PPX xodimlari tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, fuqarolarning karantin qoidalariga rioya etishini nazorat qilish tadbirlari tunu kun oʻtkazilmoqda.
2020-yil 5-aprel kuniga qadar maxsus ruxsatnomasiz harakatlangan, tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargan, karantin qoidalarini buzgan 295 nafar haydovchi aniqlanib ularga tegishli boʻlgan avtomashinalar jarima maydoniga tortildi.
Sardor BOLTABOYEV.
Namangan viloyat IIB axborot xizmati rahbari