Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida — Navro‘z shukuhi
Poytaxtimizda joylashgan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov va Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, shuningdek, mamlakatimiz sport federatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbiri davomida markazda ta’lim olayotgan yosh sportchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etdi. Xususan, milliy o‘yinlarimiz — qarab tep, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi sport turlari bo‘yicha kichik musobaqalar tashkil etildi. Markazda Navro‘z bayrami nihoyatda keng ko‘lamda, ko‘tarinki ruh va yuqori saviyada nishonlandi. Ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan markaz hududi bayramona bezatilib, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan rang-barang tadbirlar tashkil etildi.
Bayram dasturidan o‘rin olgan milliy taomlar ko‘rgazmasi bayramga alohida fayz bag‘ishlab, har bir hududning o‘ziga xos madaniyatini namoyon etmoqda. Mazkur ko‘rgazmada mehmonlar turli hududlarga xos noz-ne’matlar bilan yaqindan tanishish, ularning tayyorlanish jarayonlari haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, tadbirda 21 ta qozonda osh pishirish bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilib, mohir sportchi oshpazlar o‘z mahoratlarini namoyon etdi.
Shuningdek, bayramda markazda qad rostlagan og‘ir atletika sport turiga ixtisoslashgan yangi sport zali ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda og‘ir atletika bo‘limida 5 nafar trener-o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. Bo‘limda jami 24 nafar o‘quvchi-sportchilar (shundan 2 nafari qizlar) tahsil olib kelmoqda. 2026-yilda og‘ir atletika bo‘limidan O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi tarkibida 6 nafar o‘quvchi asosiy hamda 4 nafar o‘quvchi zaxira tarkibidan joy olgan bo‘lib, bugungi kunda 12 nafar o‘quvchi-sportchi O‘zbekiston chempionati va kuboklarida g‘olib va sovrindorga aylangan.
Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘rta va professional davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi. Markaz sportning olimpiya va paralimpiya turlari bo‘yicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash va terma jamoalar zaxirasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Unda 25 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, shundan 2 ta stadion (1 ta tabiiy, 1 ta sun’iy), 1 ta suzish havzasi, 13 ta sport zali, 2 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta tashqi jismoniy mashq hududi (turniklar), 3 ta maydoncha, 1 ta 3x3 basketbol maydonchasi va 1 ta shaxmat maydonchasi faoliyat yuritmoqda. Shu qatorda, 3 ta yotoqxona, 1 tadan o‘quv binosi, ma’muriyat binosi va oshxona mavjud.
Markazda hozirgi kunda 18 ta olimpiya, 2 ta milliy, 1 ta noolimpiya hamda 5 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha 113 nafar trener faoliyat yuritadi. Ularning 13 nafari O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, 72 nafari oliy toifali, 15 nafari birinchi toifali va 3 nafari ikkinchi toifali hisoblanadi.
Bugungi kunda markazda jami 668 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, shulardan 113 nafari qizlar. Shuningdek, 5 ta parasport turi bo‘yicha 51 nafar (shundan 15 nafari qizlar) sportchi faoliyat yuritmoqda.
Respublika musobaqalarida 527 nafar, jahon va Osiyo chempionatlarida 79 nafar markaz o‘quvchilari g‘olib va sovrindor bo‘lgan. Ularning 279 nafari sport razryadlariga ega, 277 nafari sport ustaligiga nomzod, 100 nafari sport ustasi va 12 nafari xalqaro toifadagi sport ustalari hisoblanadi. 354 nafari (53%) milliy terma jamoa a’zolari.
[gallery-28390]
2025-yil 25-sentabr – 9-oktabr kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tgan III MDH davlatlari o‘yinlarida 9 ta sport turidan 28 nafar sportchi ishtirok etib, 9 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, 22–31-oktabr kunlari Manama shahrida o‘tkazilgan III yoshlar Osiyo o‘yinlarida 30 nafar sportchi ishtirok etib, 13 nafar sportchimiz 6 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medali sohibi bo‘ldi.
7–14-dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan IV yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida 12 nafar sportchi ishtirok etib, 26 ta medal (17 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza) qo‘lga kiritildi.
Joriy yilning 25-yanvar – 12-fevral kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan velosport bo‘yicha Osiyo chempionatida 1 nafar sportchi ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
2025–2026 o‘quv yili davomida markaz o‘quvchilari 611 ta respublika va xalqaro musobaqalar hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi.
Umuman olganda, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi mamlakatimizda yuqori malakali sportchilarni tayyorlash va milliy terma jamoalar zaxirasini shakllantirishda muhim maskan sifatida faoliyat yuritmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA