Respublika ishchi guruhi: muammolar hal etilmoqda
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini Samarqand viloyatida davom ettirmoqda. Unda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganish va namunaviy ko‘cha, obod xonadon tizimini joylarda tashkil etish hamda aholi bilan muloqot o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tarkibiga Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining mas’ul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.


Ishchi guruhlar tomonidan viloyatning 16 ta tuman va shaharlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan mahallalarda xonadonbay yurish orqali aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan qator muammolar aniqlandi. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahri, Jomboy, Bulung‘ur va Narpay tumanlarida aholi uy-joylarining ichimlik suvi, elektr ta’minoti va ichki yo‘llar ta’miri, Samarqand shahri, Payariq, Oqdaryo, Samarqand tumanlarida esa oilaviy shifokorlik punktlari yoki maktabgacha ta’lim maskanlari singari qator ijtimoiy soha ob’ektlarining mukammal ta’mirga muhtojligi kabi masalalar shular jumlasidan.
Ushbu aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida Ishchi guruh mas’ullari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.


Jumladan, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash uchun jami 38,1 km. ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish va shag‘allashtirish ishlari bajarildi. Misol uchun Kattaqo‘rg‘on shahri Nurobod mahallasida 3,1 km., Kunjupay mahallasida 0,9 km., Bulung‘ur tumani Samarqand mahallasida 1,8 km., Payariq tumani Xalqobod mahallasida 1,3 km., Narpay tumani O‘zbekiston mahallasida 1,0 km., Samarqand shahri Mulyon mahallasida 1,2 km. asfalt yotqizish ishlari bajarildi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 dona transformator, 104 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatish hamda 4,05 km. yangi elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Bulung‘ur tumanida 47 dona, Samarqand tumanida 23 dona tayanch ustunlar va Payariq tumanida, Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 donadan transformator o‘rnatildi.


Ichimlik suvini yaxshilash borasida hududda 5 900 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Jumladan, Narpay tumani Guliston mahallasiga 1 000 metr, Kattaqo‘rg‘on tumani Namozpolvon va Kumushqirg‘oq mahallasiga 950 metr, Payariq tumani Chelak shahrida 800 metr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Shuningdek, Samarqand va Paxtachi tumanlarida qator suv inshootlaridagi suv nasoslari yangilab berildi.
Aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘ldi. Ushbu maqsadda tijorat banklari tomonidan 1 971 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga 83,9 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ta’minlandi.


Shuningdek, 20 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘arma”si mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida jami 87,0 mln. so‘mlik tikuv mashinalari, 3 nafar fuqaroga qandolatchilik faoliyatini boshlash uchun 3 dona 18,7 mln. so‘mlik pishiriq pechi va qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 16 nafar fuqaroga 97,9 mln. so‘mlik motokultivatorlar yetkazib berildi.
Ishlar davom etmoqda.
O‘zA