Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida bayram shukuhi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi hamda qator tashkilotlar hamkorligida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida "Yoshlik bahori" iqtidorli yoshlar forumi doirasida "Bolalar bizning shodligimiz" inklyuziv festivali tashkil etildi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi hovlisida turli ijtimoiy toifadagi bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, davlat muassasalari tarbiyalanuvchilari jam bo‘ldi. Ular uchun yaratilgan muhit, tashkil qilingan turli chiqishlar bolalarga nisbatan mehr va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasiga aylandi, ularga cheksiz quvonch ulashdi.

Jumladan, tadbirda Ichki ishlar vazirligi qoshidagi harbiy orkestrning jonli ijrosi, marsh va kuylar bolalar qalbida faxr va hayrat uyg‘otdi. Karim Zaripov nomidagi sirk kolleji talabalarining chiqishlari esa festivalga hayot va harakat olib kirdi. Akrobatik sahnalar, hazilomuz chiqishlar va rang-barang obrazlar bolalarga zavq ulashdi.

Ot federatsiyasi tomonidan olib kelingan ponilar esa bolalar uchun haqiqiy mo‘’jiza bo‘ldi. Ularning ko‘zlaridagi hayrat va quvonch, ponilarni qo‘l bilan silab ko‘rishga intilish ularning qalbini cheksiz zavqu shavqqa to‘ldirdi.

Festivalda bolalar tabiat manzaralarini tasvirlab, rasmlar chizdi. Bu orqali o‘z ichki dunyolarini, orzularini va tasavvurlarini qog‘ozga muhrladi. Shuningdek, festivalda bolalarga shirinliklar tarqatildi.
Bunday inklyuziv muhit, bolalarga e’tibor ularning qalbiga quvonch olib kirdi, samimiylik tuyg‘ularini uyg‘otdi. Eng muhimi, har bir bola o‘zini kerakli va qadrli his qilishi uchun muhim maydon bo‘ldi.
M.Komilova,
O‘zA