Rektor chet ellik o‘qituvchilar bilan uchrashdi
Buxoro davlat universitetida har yili turli dasturlar, akademik mobillik kelishuvlari, xalqaro loyihalar doirasida hamda universitet mablag‘lari hisobidan 80 nafardan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchilarning universitet talabalariga ma’ruza o‘qishlari, doktorant va magistrantlarga ilmiy rahbarlik qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Universitetda har oyda bir marotaba xorijlik o‘qituvchilarning rektor bilan uchrashuvining tashkil etilishi ham an’anaga aylangan. Buxoro davlat universiteti rektori O.Hamidov universitetda ishlayotgan Buyuk Britaniya, Italiya, AQSH, Koreya, Misr, Eron, Rossiya, Sloveniya, Qozog‘istonning yetakchi hamkor oliy ta’lim muassasalaridan kelgan 16 nafar xorijlik o‘qituvchilar bilan uchrashdi.

– Bunda asosiy e’tibor ushbu mobilliklar faqat dars mashg‘ulotlari bilan cheklanmasdan, kafedralar o‘rtasida ilmiy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishiga ham qaratiladi, – deydi O.Hamidov.

Uchrashuvda har bir o‘qituvchining universitetdagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berilishi qatorida kelgusi hamkorlik rejalari to‘g‘risida ham fikr almashildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.