Rasuli akram mo‘’jizalari «Sahihul Buxoriy»da...
TUSHDA AYON BO‘LGAN BASHORAT
(IV) 2624. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Tushimda odamlarning bir tepalikka to‘planib turganini ko‘rdim. Abu Bakr turib, bir-ikki chelak suv tortib oldi. Bir tortib olishida zaiflik bo‘ldi. Alloh uni kechirsin. Keyin uni Umar olgan edi, uning qo‘lida katta paqirga aylandi. Men odamlar orasida uningdek o‘z ishiga usta, mohirini ko‘rmaganman».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu bilan kelajakda bo‘ladigan muhim voqealarni bayon qilmoqdalar.
Jumladan, Abu Bakr roziyallohu anhuning xalifaligi oz muddat bo‘lishi, bu davrda fathlar ham kam bo‘lishini aytmoqdalar. Biroq bu Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilatiga putur yetkazmaydi.
Shuningdek, Nabiy alayhissalom Umar roziyallohu anhuning xalifalik davri uzoq davom etishi va unda ko‘p fathlar bo‘lishi, musulmonlarning ishlari avj olishini aytib, u kishining nihoyat darajada o‘z ishiga mohir, nodir qobiliyat sohibi ekanini ta’kidlamoqdalar.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi