Raqobatbardosh iqtisodiyot sari: qonunchilik islohotlarining amaliy ahamiyati
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichi barqaror iqtisodiy o‘sish puxta ishlangan huquqiy asos va izchil islohotlar tizimiga tayanishini ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining yangi falsafasini ifoda etib, qonun ustuvorligi asosida yuksalishga erishishni ko‘zda tutadi. Ushbu hujjatning ahamiyati shundaki, unda maqsadlar aniq ko‘rsatkichlar, qat’iy mezonlar va ijro intizomi asosida belgilangan bo‘lib, ular inson manfaatlari bilan uzviy bog‘liqdir. Kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sohasini kengaytirish kabi vazifalarning samaradorligi nafaqat statistik raqamlar, balki aholi hayotidagi real o‘zgarishlar bilan baholanmoqda.
Bugungi iqtisodiy islohotlarning eng muhim jihati ularning tizimli va kompleks tarzda amalga oshirilayotganidadir. Asosiy e’tibor mavjud resurslardan ekstensiv foydalanishdan texnologik taraqqiyot va samaradorlikni oshirishga qaratilmoqda. Yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollardan oshirish va 2030-yilga borib 240 milliard dollarga yetkazish vazifasi sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishni taqozo etadi. Bu jarayonda innovatsiyalarni joriy etish, raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash hamda ilm-fan yutuqlarini iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Shu bilan birga, inflyatsiyani 5–6 foiz darajasida ushlab turish, byudjet taqchilligini jilovlash va davlat qarzining barqarorligini ta’minlash iqtisodiyotni moliyaviy beqarorlikdan muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotga 50 milliard dollardan ziyod xorijiy sarmoyalarni jalb etish islohotlarning markaziy yo‘nalishidir. Biroq bunda asosiy urg‘u investitsiyalarning hajmiga emas, balki ularning sanoatni modernizatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilishiga qaratilmoqda. Tadbirkorlikni institutsional qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 60 foizga yetkazish bozor mexanizmlari samaradorligini oshiradi. Shuningdek, xizmatlar bozori hajmini 100 milliard dollardan oshirish va turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga yetkazish rejasi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning muhim drayverlaridir.
Iqtisodiy islohotlarning yana bir muhim bo‘g‘ini soliq va bojxona tizimini takomillashtirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishdir. Soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va inson ominini kamaytirish orqali shaffoflikni oshirish biznes yuritish xarajatlarini pasaytiradi. Yashirin iqtisodiyotni 23 foizgacha kamaytirish nafaqat byudjet tushumlarini ko‘paytirish, balki adolatli raqobat muhitini yaratish uchun zarurdir. Bu jarayonda hududiy rivojlanishga ham alohida e’tibor berilib, har bir viloyatning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda alohida “o‘sish nuqtalari” belgilanmoqda. Xususan, Toshkent shahri yuqori texnologik xizmatlar markaziga aylantirilayotgan bo‘lsa, boshqa hududlarda sanoat va qishloq xo‘jaligi klasterlari rivojlantirilmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelida ekologik barqarorlik va "yashil iqtisodiyot"ga o‘tish majburiyat emas, balki yangi imkoniyat sifatida qaralmoqda. Issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada qisqartirish va energiya samaradorligini oshirish ishlab chiqarish raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Shuningdek, inson kapitaliga investitsiyalar, jumladan, sog‘liqni saqlash va ilm-fan xarajatlarini oshirish barqaror o‘sishning asosiy poydevori hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan qonunchilik islohotlari raqobatbardosh, barqaror va eng muhimi, inson farovonligiga xizmat qiluvchi kuchli iqtisodiyotni barpo etishga qaratilgan izchil strategik jarayondir.
Baxtiyor TOSHPO‘LATOV
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti yetakchi ilmiy xodimi
O‘zA