Raqobat siyosatining 35 yillik taraqqiyoti: sog‘lom bozor, teng imkoniyat va iste’molchi manfaati
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotining muhim shartlaridan biri – sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Chunki raqobat bor joyda tanlov, sifat va adolatli narx bo‘ladi. Eng muhimi, tadbirkorga teng imkoniyat, iste’molchiga esa ishonchli himoya yaratiladi.
O‘tgan 35 yilda raqobat siyosati ham zamon talablari asosida izchil takomillashib, monopoliyani cheklashdan raqobatni rag‘batlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan katta yo‘lni bosib o‘tdi.
1. Raqobat siyosatining huquqiy poydevori yaratildi: «Monopolistik faoliyatni cheklash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
2. Monopoliyaga qarshi birinchi maxsus tuzilma tashkil etildi: Moliya vazirligi tarkibida Monopoliyaga qarshi va narx siyosati bosh boshqarmasi tashkil qilinib, raqobat muhitini davlat tomonidan tartibga solishning institutsional asosi yaratildi.
3. Raqobatni rivojlantirish alohida yo‘nalishga aylandi: Moliya vazirligi huzurida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil etildi.
4. Iste’molchi huquqlarining huquqiy kafolati kuchaytirildi: «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, xaridor va xizmatdan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishning muhim huquqiy asosi yaratildi.
5. Monopoliyaga qarshi qonunchilik takomillashtirildi: «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, monopol mavqeni suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va raqobat muhitini rivojlantirishning huquqiy mexanizmlari belgilab berildi.
6. Monopoliyaga qarshi organ mustaqil maqomga ega bo‘ldi: Monopoliyaga qarshi organ Moliya vazirligi tarkibidan chiqarilib, davlat qo‘mitasi maqomiga ega bo‘ldi. Unga respublikada monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshirish vakolati berildi.
7. Raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uyg‘unlashtirildi: Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi tashkil etilib, raqobat muhitini rivojlantirish bilan birga kichik va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga ham e’tibor kuchaytirildi.
8. Raqobat muhitini himoya qilish kuchaytirildi: Monopoliyaga qarshi organ qayta tashkil qilinib, uning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash funksiyasi bekor qilindi. Asosiy e’tibor sog‘lom raqobat muhitini yaratishga qaratildi.
9. Monopoliyaga qarshi siyosatning qamrovi kengaydi: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashkil qilinib, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliyalar faoliyatini nazorat qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, reklama bozorini tartibga solish kabi muhim vazifalar bir tizimga birlashtirildi.
10. «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi: mamlakatda raqobat munosabatlarini tartibga solishning zamonaviy huquqiy asoslaridan biri shakllandi.
11. Narxlarni shakllantirishda bozor mexanizmlariga o‘tish boshlandi: ilgari ma’muriy tartibda belgilangan 28 turdagi narx bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tkazildi. Birja savdolarida keskin tebranishlarning oldini olish uchun maksimal hajm va spred cheklovlari qo‘llanila boshlandi.
12. Qo‘mita takliflari asosida: 2024-yil poyezdlarda konditsioner ishlamagan holatlarda ushbu xizmat uchun to‘lovni chipta narxidan chiqarib tashlash mexanizmi joriy etildi (tezyurar poyezdlar bundan mustasno);
Poyezdlar kechikkan holatlarda mahalliy yo‘nalishlarda kechikish vaqtiga qarab 15 foizdan 100 foizgacha kompensatsiya to‘lash tartibi belgilandi.
13. «Mas’uliyatli moliya» loyihasi boshlandi: German Sparkassenstiftung for International Cooperation bilan hamkorlikda raqobatni rivojlantirish, moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan «Mas’uliyatli moliya» loyihasi amalga oshirildi.
14. Raqamli transformatsiyaga qadam qo‘yildi: Raqobat qo‘mitasi huzurida Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi tashkil etilib, sohada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.
15. Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yagona tizimda birlashtirildi: ma’muriy islohotlar doirasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashkil etildi.
16. Hujjatlarning raqobatga ta’sirini baholash mexanizmi joriy etildi: normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash tartibi tasdiqlandi. Bu raqobatni nafaqat bozorda, balki qarorlar qabul qilish jarayonida ham hisobga olish imkonini berdi.
17. «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi: yangi tahrirdagi qonun raqobat munosabatlarini zamonaviy iqtisodiy sharoitlarga moslashtirishga xizmat qildi.
18. «Reklama to‘g‘risida»gi qonun takomillashtirildi: reklama bozoridagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga solishga qaratilgan yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi.
19. Raqobat siyosatini ilmiy asoslashga e’tibor kuchaydi: Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi ilmiy-tahliliy faoliyatni yo‘lga qo‘yib, sohada qarorlar qabul qilish uchun tadqiqot va tahlillarni kuchaytirdi.
20. Sifatli davlat boshqaruvida e’tirof: raqobat qo‘mitasi raisi Halilullo Turaxo‘jayev «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi doirasida shaffoflik, qonuniylik, samaradorlik va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etishdagi faoliyati uchun «Eng namunali qo‘mita raisi» nominatsiyasi bilan taqdirlandi.
21. Raqobat qo‘mitasi Ochiqlik indeksida birinchi o‘rinni egalladi: jamoatchilik faoliyati haqida to‘liq, ochiq va ishonchli axborot bilan ta’minlash borasida Qo‘mita 90,9 ball to‘plab, davlat qo‘mitalari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.
22. Bozorni ilmiy tahlil qilish kuchaydi: 100 dan ortiq mahsulot bo‘yicha to‘yinganlik tahlillari o‘tkazildi. Tuxum, sut, kartoshka, guruch va go‘sht kabi mahsulotlar narxini prognozlashda zamonaviy ekonometrik modellar, jumladan ARIMA modeli qo‘llanilib, 80 foizgacha aniqlikda prognozlarga erishildi.
23. Iste’molchi manfaati amalda himoya qilindi: 2023-yildan 2026-yilning 7 oyiga qadar iste’molchilardan 137 785 ta murojaat kelib tushdi. Ko‘rilgan choralar natijasida 11,7 milliondan ortiq iste’molchining manfaati ta’minlanib, jami 399,3 milliard so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
24. Tovarlar xavfsizligi nazorati kuchaytirildi: 560 nomdagi mahsulot bo‘yicha nazorat xaridlari amalga oshirilib, ekspertiza natijasida 111 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlandi.
25. Mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish belgilandi: 2025-yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MCHJ tomonidan jami 792 186 nafar iste’molchidan qariyb 1,3 mlrd. so‘m ortiqcha haq undirilgani aniqlanib, mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish belgilandi.
26. Raqamli platformalar o‘zaro integratsiya qilindi: tadbirkorlarning barqarorlik reytingi elektron platformasi va Qo‘mitaning «FAIRTECH» axborot tizimi tegishli davlat platformalari bilan integratsiya qilindi. Bu ma’lumotlar almashinuvi va nazorat jarayonlarini yanada tezkorlashtirdi.
27. Raqobat muhitini baholashning yangi mezonlari yaratildi: biznes faollik, hududiy raqobatbardoshlik va raqobatni rivojlantirishga qaratilgan indekslar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ushbu ishlar «SCIENCE AND INNOVATION AWARDS – 2025» tadbirida «Yilning eng yaxshi tadqiqot markazi» nominatsiyasi bilan e’tirof etildi.
28. «Iste’molchi murojaati» elektron tizimi ishga tushirildi: iste’molchi, tadbirkor, nodavlat tashkilotlar va davlat organlarini yagona elektron tizimga integratsiya qilish orqali aholi huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmi yanada qulay, tezkor va shaffoflashtirildi.
29. Eksklyuziv huquqlar qisqartirilib, bozorga yo‘l ochildi: raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi eksklyuziv huquqlarni bosqichma-bosqich bekor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. 24 ta faoliyat turi bo‘yicha eksklyuziv huquqlar bekor qilinib, natijada qariyb 3 mingta tadbirkorlik sub’ekti uchun bozorga kirishda teng sharoit yaratildi.
30. Raqamli makonda iste’molchilar xavfsizligiga e’tibor kuchaytirildi: qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi 167 ta veb-sayt bo‘yicha tegishli nazorat organlariga ma’lumotlar kiritildi. Shundan qariyb 120 ta sayt belgilangan tartibda bloklandi.
31. Xalqaro hamkorlik kengaydi: Turkiya Savdo vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasining Bozorlarni tartibga solish bo‘yicha davlat ma’muriyati hamda German Sparkassenstiftung tashkiloti bilan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat siyosati va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi.
32. Uy-joy bozorida iste’molchilar huquqi tiklandi: ko‘p kvartirali uylardan xonadon xarid qilishdagi muammolar bo‘yicha murojaatlar o‘rganilishi natijasida qariyb 1,3 ming nafar iste’molchining huquqlari tiklandi. 22,2 milliard so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
33. «FAIRTECH» – aqlli tizim: Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. «FAIRTECH» platformasi 50 dan ortiq integratsiya va 1 milliondan ziyod ma’lumot yozuvini qamrab olgan kompleks tizimga aylandi. Unga birja nazorati, komplayens va nazorat xaridlari kabi yangi yo‘nalishlar integratsiya qilindi. Sun’iy intellekt asosida «AI-maslahatchi» kabi yechimlarni joriy etish boshlandi.
34. Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi илмий-tahliliy markaz sifatida e’tirof etildi: O‘zbekistondagi «Aql markazlari» faoliyatiga oid tahliliy reytingda TOP–20 «Aql markazlari» qatoriga kirdi.
35. Yirik investitsiyalarda ham raqobat mezoni kuchaytirildi: Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-fevraldagi 44-son qarori bilan yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish belgilandi. Raqobat qo‘mitasiga yirik investitsiya loyihalarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash jarayonini muvofiqlashtirish va metodologik ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Nigora Rahmonova tayyorladi, O‘zA