Raqamli transformatsiya – shaffoflik kafolati
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli transformatsiya va innovatsiyalar: ishlab chiqarishda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy yechimlari” mavzusida rahbar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, kombinat rahbarlari hamda yosh xodimlar ishtirok etdi.

Uchrashuvni ochib bergan Abdulla Xursanov mamlakatimizda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli sanoat tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Akmal Burxanov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, bu jarayonda raqamli transformatsiya va innovatsion yondashuvlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, kombinatda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari mazkur yo‘nalishdagi samarali tajriba sifatida e’tirof etildi.

Tadbirda “Korrupsiyasiz sanoat” loyihasini amalga oshirish hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan eng yaxshi innovatsion yechimlarni aniqlash bo‘yicha tanlovlar tashkil etish taklifi ilgari surildi. Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus yoshlarning innovatsion g‘oya va takliflarini ishlab chiqarish jarayonlariga tezkor joriy etish imkonini beradi.
Uchrashuvda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishdagi o‘rni atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va innovatsion g‘oyalari bilan faol ishtirok etdi.
Yakunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ISO 37001 xalqaro standarti talablari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bir guruh kombinat xodimlariga sertifikatlar topshirildi.

Shundan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari “Metallurg” madaniyat saroyidagi muzeylar faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, Texnologik transport boshqarmasi faoliyati hamda yaqinda ishga tushirilgan 3-mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlari haqida ma’lumot berildi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri