Raqamli kriminalistika, sun’iy intellekt va qonunchilik
Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda huquq tizimi ham keskin o‘zgarishlarga duch kelmoqda. Kiberjinoyatlar, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentlar, chegaralarni bilmaydigan raqamli hujumlar — bularning barchasi zamonaviy huquqshunosdan mutlaqo yangicha bilim va yondashuvni talab etmoqda. Aynan mana shu kesishish nuqtasida faoliyat yuritayotgan yosh o‘zbek tadqiqotchisi Nuriddin Xudoyberdiyev bilan suhbatlashdik.
– Nuriddin, Toshkent davlat yuridik universitetini a’lo baholarda tamomlab, hozirda QS World University Rankings reytingiga ko‘ra dunyoning eng nufuzli 100 ta universiteti qatoriga kiruvchi Pensilvaniya shtati universiteti huquq maktabida (Penn State Law) magistratura bosqichida tahsil olayotgan ekansiz. Kiberhuquq va intellektual mulk yo‘nalishini tanlaganingizga nima sabab bo‘ldi?
— Bu yo‘nalishga qiziqishim talabalik yillarimning ilk bosqichlaridayoq shakllana boshlagan. O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni yildan-yilga oshib borayotgan, biroq ularni isbotlash va sudga olib chiqishda klassik kriminalistik usullar yetarli bo‘lmayotgan edi. Aynan shu bo‘shliq meni raqamli kriminalistika sohasiga jalb qildi.
Bakalavriat bitiruv ishimni "Raqamli kriminalistika va uning kiberjinoyatlarni fosh etishdagi roli" mavzusida yozdim. Magistraturada esa bu tadqiqotni xalqaro miqyosga — kiberxavfsizlik va yurisdiksiya muammolariga kengaytirdim. Bu ikki ish menga bir narsani aniq ko‘rsatdi: huquq va texnologiyaning tutashgan nuqtasi ham nihoyatda murakkab, ham cheksiz qiziqarli.
— Penn State Lawdagi ta’lim tajribasi qanday? Amerika va O‘zbekiston huquq ta’limining asosiy farqi nimada?
— Penn State Law — AQSHdagi yetakchi huquq maktablaridan biri. Bu yerdagi metodologiya meni dastlabki kunlardanoq o‘ziga tortdi.
Asosiy farq yondashuvda. O‘zbekistonda ta’lim ko‘proq normativ-doktrinal modelga — qonun matnini o‘rganishga asoslangan. AQSHda esa poydevor case method, ya’ni sud amaliyoti tahlilidir. Har bir mavzu real sud qarorlari orqali o‘rganiladi: qaror qanday asoslangan, sud qaysi dalilga tayangan, qaysi konstitutsiyaviy tamoyildan kelib chiqqan.
Bu yondashuv huquqshunosda tanqidiy fikrlash va chuqur tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Kiberhuquq va intellektual mulk kabi tez o‘zgaruvchan sohalarda u ayniqsa, samarali — chunki qonunchilik texnologik rivojlanish bilan doim ham hamnafas bo‘lavermaydi. Bunday hollarda sudlar bo‘shliqni o‘z talqinlari bilan to‘ldiradi va keyingi qonunchilik islohotlariga yo‘l ko‘rsatadi.
— Intellektual mulk huquqida bugungi kunda eng dolzarb muammo nima?
— Shubhasiz, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ijodiy mahsulotlarning huquqiy maqomi masalasi. Mualliflik huquqi an’anaviy ravishda "insoniy ijod" tushunchasiga tayanadi. Ammo bugun ChatGPT, Midjourney, Suno kabi platformalar mustaqil ravishda matn, tasvir va musiqa yaratmoqda. Savol tug‘iladi: bu asarlarning muallifi kim — buyurtma bergan foydalanuvchimi, tizimni yaratgan dasturchi kompaniyami, yoki modelni o‘qitishda foydalanilgan original asarlar mualliflarimi?
AQSHda bu masala bo‘yicha allaqachon muhim sud pretsedentlari mavjud. Thaler v. Perlmutter ishida sud sun’iy intellekt tomonidan mustaqil yaratilgan asarlar mualliflik huquqi himoyasidan mahrum ekanini belgilab berdi. O‘zbekistonda esa bu masala hali qonunchilik darajasida tartibga solinmagan.
Mening fikrimcha, biz bu jarayonni passiv kuzatuvchi sifatida emas, balki faol ishtirokchi sifatida qabul qilishimiz kerak — milliy doktrinamizni shakllantirib, xalqaro tendensiyalarga moslashtirib borish zarur.
Magistrlik tadqiqotingiz mavzusi — kiberxavfsizlik va yurisdiksiya. O‘zbekiston qonunchiligi chegaralararo kiberjinoyatlar masalasida qanchalik tayyor?
— Bu zamonaviy huquqning eng murakkab muammolaridan biri. Tasavvur qiling: jinoyatchi Rossiyada o‘tirib, Germaniyada joylashgan server orqali O‘zbekistondagi bank tizimiga hujum uyushtirmoqda va mablag‘ni Singapurdagi kriptobirjaga o‘tkazmoqda. Bunday holatda qaysi davlatning sudi mas’ul? Qaysi qonun qo‘llaniladi? Dalillar qanday to‘planadi?
O‘zbekiston Jinoyat kodeksida kiberjinoyatlar uchun moddalar mavjud, biroq ekstraterritorial qo‘llash mexanizmlari hali yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Bu masalada xalqaro asos hisoblangan Budapesht konvensiyasiga O‘zbekiston hali qo‘shilmagan. Mening tadqiqotim aynan shu yo‘nalishda — qaysi xalqaro mexanizmlarga qo‘shilishimiz va qaysi milliy normalarni isloh qilishimiz lozimligini aniqlashga qaratilgan.
— Sun’iy intellekt va intellektual mulk masalasida O‘zbekiston qanday qadamlar tashlashi kerak?
— Avvalo, shuni aytish kerakki, O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida so‘nggi yillarda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Milliy strategiya qabul qilindi, investitsiyalar jalb etilmoqda, texnologik infratuzilma rivojlanmoqda. Biroq kuzatishimcha, huquqiy o‘lcham bu jarayondan biroz orqada qolmoqda. Texnologik ambitsiyalar bilan qonunchilik modernizatsiyasini uyg‘unlashtirish — eng muhim strategik vazifalardan biri.
Amaliy nuqtai nazardan bir necha yo‘nalishni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Birinchidan, inson va sun’iy intellekt hamkorligida yaratilgan asarlar uchun "yordamchi mualliflik" (assistive authorship) institutini joriy etish — bu ijodkorlarga ham, texnologiyaga ham adolatli yondashuvni ta’minlaydi.
Ikkinchidan, sun’iy intellekt modellarini o‘qitishda ishlatiladigan ma’lumotlar uchun litsenziyalash tartibini ishlab chiqish zarur — bugungi kunda ko‘plab modellar mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarlar asosida o‘qitilmoqda.
Uchinchidan, deepfake va sintetik kontent bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun aniq javobgarlik mexanizmlari belgilanishi lozim — bu nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega masala.
Va nihoyat, intellektual mulk bo‘yicha sud jarayonlarida texnologik ekspertizaning sifatini oshirish — adolatli qarorlar chiqarishning zaruriy sharti.
— O‘zbekistonda kiberhuquq sohasi qanday rivojlanmoqda? Yosh huquqshunoslarga nima maslahat berasiz?
— So‘nggi o‘n yil bu soha uchun haqiqiy uyg‘onish davri bo‘ldi. O‘n yil avval na yaxlit qonunchilik bazasi, na ixtisoslashgan davlat tuzilmalari mavjud edi. Bugun ahvol tubdan boshqacha.
2020-yilda qabul qilingan "Raqamli O‘zbekiston — 2030" strategiyasi burilish nuqtasi bo‘ldi. Uning ortidan Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etildi, 2022-yilda "Kiberxavfsizlik to‘g‘risida"gi qonun va "Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. 2024-yil iyunda Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti ochildi, oktabrda esa 2030-yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellekt rivojlanishi strategiyasi tasdiqlandi. 2025-yil yanvarida esa Cyber University davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror (bu sohada milliy kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taruvchi qadam) imzolandi.
Intellektual mulk yo‘nalishida ham salmoqli o‘zgarishlar bo‘ldi. 2019-yilda Intellektual mulk agentligi tashkil etilib, davlat boshqaruvi qayta qurildi. Qonunchilikka xalqaro standartlarga mos o‘nlab yangiliklar kiritildi. 2024-yilning sentabrida qabul qilingan qonun esa himoya tizimini TRIPS bitimi talablariga yanada moslashtirdi.
O‘n yil ichida ulkan masofa bosib o‘tildi. Biroq oldimizda hali katta yo‘l bor. Eng katta ehtiyoj — malakali kadrlar. Aynan shu sababli Cyber University kabi ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasining tashkil etilishi nihoyatda o‘z vaqtida bo‘ldi.
Kiberhuquq bir necha sohaning sintezidan iborat: huquq — uning asosi, texnologiya — harakatlantiruvchi kuchi, iqtisodiyot esa amaliy mazmuni. Bularni birgalikda tushungan mutaxassisgina haqiqiy natijaga erisha oladi.
Mohigul Qosimova suhbatlashdi,
O‘zA