“Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovi – iqtidorli qizlarning o‘ziga xos platformasi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovi o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulot jarayonlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” bolalar oromgohida bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu ma’rifiy loyiha qizlarning zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish, ularning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, mazkur yo‘nalishda qizlarga rag‘bat berishda muhim o‘rin tutadi.

Aytish kerakki, “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovi qizlarning axborot texnologiyalari bo‘yicha salohiyatini yanada yuksaltirishda yangi istiqbollarni ochmoqda. Jumladan, ushbu ma’rifiy loyihaning 2025-yilgi faol ishtirokchisi – Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Dilafruzxon Sobirova joriy yilda davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, bir guruh iste’dodli qizlar safida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Bu yil o‘tkazilayotgan “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovi doirasida malakali mutaxassislar, olimlar, pedagoglar, ekspertlar ishtirokida qiziqarli mashg‘ulotlar, mahorat darslari o‘tkazilayapti. Shu bilan birga, ishtirokchilar tayyorlagan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA