Rang-barang milliy kashtalar menga ilhom bag‘ishlaydi
Joriy yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi – KIWIE 2021” xalqaro ko‘rgazmasida 30dan ziyod davlatdan 450dan ortiq ixtirochi xotin-qiz texnika, texnologiya, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashishdi. O‘zbekiston vakilalari ham mazkur ko‘rgazmada ishtirok etib, sovrinli natijalarni qo‘lga kiritdi.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Charm buyumlarni konstruksiyalash va texnologiyasi kafedrasi dotsenti Malohat Ilhomova ham ayollar tuflisi va sumkasi to‘plami bilan qatnashib, xalqaro ko‘rgazmaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Ixtirochi opaning mazkur ko‘rgazma haqidagi fikrlari va faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida o‘zi bilan bog‘landik.
– Ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini o‘rganish hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi – KIWIE 2021” xalqaro ko‘rgazmasi ko‘plab davlatlar vakilalarining bir maydonda yig‘ilib, o‘zaro tajriba almashishi hamda motivatsiya olishida muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizdan tavsiya qilingan 11 nafar olima ayol ham o‘z ixtiro va ishlanmalari bilan ishtirok etib, munosib o‘rinlarga sazovor bo‘lishdi. Men ham hammuallifim Dilfuza Maqsudova bilan hamkorlikda ishlab chiqqan milliy ko‘rinishdagi ayollar tuflisi va sumkasi to‘plami bilan qatnashdim.
Bizning ixtiromiz –sumka va poyabzal tashqi ko‘rinishining kompozitsion yechimi o‘ziga xosligi va birligi bilan ajralib turadi. Ayollar tuflisining tanovar konstruksiyasi betlik va gulchindan iborat. Ustki detallarning materiali sifatida adras qo‘llanilgan. Poyabzal ustki detallariga hamda ayollar sumkasiga mashina kashtasi yordamida bezak berilgan. Poyabzal ustki detallari tashqi dizaynining asl yechimiga adras matosiga milliy bezakni mashina kashtasi yordamida qo‘llash orqali erishilgan. Ayollar tuflisi va sumkasining ustki detallarida gulli o‘simliklar uslubida qo‘llanilgan kashta bir xil uslubda bo‘lib, takrorlanmas kompozitsion va koloristik yechimga yordam bergan. To‘plamda qo‘llanilagan kashta gul, novda barglari va gul kurtaklaridan iborat.
Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, qizlar poyabzallari konstruksiyasi O‘zbekistonning iqlim sharoiti uchun qizlar oyoq panjalarining fiziologik va antropometrik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Barcha ishlanmalarimizda milliy an’analarimiz, qadimiy hunarmandchilik namunalarimiz, hududlarda shakllangan kashtachilik maktablari uslublariga tayanamiz. Rang-barang ko‘rinishdagi milliy kashta uslublari menga ilhom bag‘ishlaydi. Bu kabi milliy ko‘rinishdagi mahsulotlarimizni xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etish orqali ularni targ‘ib qilamiz. Qolaversa, dunyo olimalari hamda hamkorlarning qiziqishlari ortishiga erishilmoqda.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA