Rahbarlar qabuli xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmaydi
Toshloq tumanida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va viloyat sektorlari rahbarlarining sayyor qabuli o‘tkazildi.
Joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish va muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonalari hamda hududiy rahbarlari tomonidan o‘tgan yilda 3 ming 642 ta sayyor qabul o‘tkazildi. Ularda 33 ming 450 ta masalada murojaatlar qabul qilindi, aksariyati o‘z yechimini topdi.
Rahbarlar quyi bo‘g‘inga tushib ishlasa, odamlar dardini eshitsa ularni qiynayotgan masalalar ijobiy hal bo‘ladi. Sayyor qabullar hisobot, xo‘jako‘rsin uchun o‘tkaziladigan davrlar o‘tib ketdi. bugungi kunda har bir murojaat e’tiborda bo‘lib, imkon qadar yechim topish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada mahallabay, xonadonbay ishlashning yo‘lga qo‘yilgani, sektor rahbarlarining kunlik qabullari tashkil etilayotgani, «Inson qadri uchun» tamoyili asosidagi choralar yaxshi samara bermoqda.
Shahar va tumanlardan kelgan 71 nafar fuqaro tomonidan bandlik, tadbirkorlik, bank krediti olish, uy-joy, moddiy yordam, subsidiyalar ajratish, kommunal xizmat, tibbiy xizmatlar, shuningdek, joylarda mahallalarni obodonlashtirish kabi masalalarda qilingan murojaatlarning ko‘pi qabul chog‘ida o‘z yechimini topdi.
[gallery-6184]
O‘zbekiston tumanilik Dildora O‘rinboyevaning oilasida 8 jon bor. Ro‘zg‘or tebratish uning gardanida. U viloyat rahbariga pishiriqlar pishirishni yo‘lga qo‘yish orqali daromad topishni maqsad qilganini aytdi. Murojaati hal etilib, 5 million so‘m miqdorida subsidiya beriladigan bo‘ldi. Shu yerning o‘zida bu ayolga mikroto‘lqinli pech ham topshirildi.
Rishton tumani «Oq yer» mahalla fuqarolar yig‘inida yashab kelayotgan Lolaxon Abduqodirova farzandlari bilan ota uyida yashaydi. Sayyor qabulda oilasi uchun imtiyozli ravishda uy-joy olishga ko‘maklashish yuzasidan yordam berishlarini so‘radi.
– Qabulga ikkilanishlar bilan kelgandim, rahbarlar samimiy gaplashdi – deydi Lolaxon Abduqodirova. – Oilaviy sharoitimni hisobga olib haq to‘lanadigan jamoat ishiga taklif qilishdi. Imtiyozli asosda uy-joy bilan ta’minlash, subsidiya ajratish masalasida yordam beriladigan bo‘ldi.
Hal etilishi uchun muddat talab etadigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Shuningdek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga doir masalalar ham soha mutasaddilariga yo‘naltirildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA