Rahbar o‘zini o‘zi mukofotlashi mumkinmi?
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi tashkilotlarning 50 dan ortiq buyruq loyihalari qonunchilikka muvofiq emasligi aniqlandi. Urgut tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi hozirgi kunda 12 ta davlat organi va tashkilotiga yuridik xizmat ko‘rsatib keladi. Ya’ni, ular tomonidan taqdim qilingan yuridik tusdagi hujjatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, tegishli tartibda huquqiy xulosalar beradi.
Markaz rahbari Ma’mur Jumanovning ta’kidlashicha, joriy yilning 30 may holatiga davlat tashkilotlari tomonidan markazga jami 4065 ta hujjatlar, ya’ni 2775 ta buyruq va 1260 ta shartnoma taqdim qilingan. shundan, 501 holatda taqdim etilgan hujjatlarda xato kamchiliklar bo‘lganligi sababli rad etilib, davlat tashkilotiga qaytarilgan hamda qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan holda huquqiy xulosalar berilgan. 59 holatda taqdim qilingan hujjatlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmaganligi sababli ularga salbiy xulosalar berilgan. Masalan, Urgut tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan 2021 yil 21 dekabr kuni patronaj hamshira Sh.Sattorovaga 2021 yil 17 dekabr tug‘ilgan farzandi Sh.Do‘stmurodovning ikki yoshga to‘lgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 234-moddasiga asosan 2021 yilning 15 dekabridan ikki yillik bola parvarishlash ta’tili berish bo‘yicha buyruq loyihasi huquqiy ekspertiza xulosasi olish uchun markazga taqdim qilingan.
O‘rganish davomida birlashmaning patronaj hamshirasi Sattorova Shahlo O‘tkir qizi ayni vaqtda homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lganligi aniqlangan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 234-moddasiga binoan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Urgut tuman tibbiyot birlashmasi patronaj hamshirasining homiladorlik va tug‘ish ta’tili muddati 2022 yil 10 fevralda tugashi sababli, mazkur buyruq loyihasiga qonun hujjatiga muvofiq emas, deb xulosa berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 27 apreldagi 210-sonli buyrug‘iga asosan Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limining ma’naviy-axloqiy tarbiya va ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sho‘’basi rahbari Sh.Saidqulovga Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan. Adliya vazirligi tomonidan 1995 yil 20 sentyabrda 177-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi to‘g‘risida” gi nizomning 3.2-bandida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish yuqori turuvchi organning qarori (buyrug‘i) bilan amalga oshirilishi alohida belgilangan.
Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga taqdim etilgan buyruq loyihasida esa shu yilning 1 fevralida bo‘limning ma’naviy-axloqiy tarbiya va ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sho‘’basi rahbari Sh.Saitqulovni bir oylik maosh miqdorida moddiy rag‘batlantirish qayd qilingan. Buyruq loyihasi ushbu nizom talablariga muvofiq bo‘lmaganligi sababli, qonunchilik hujjatiga muvofiq emas, deb topilgan.
Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv seminarlari, davra suhbatlari tashkil qilinmoqda.
Mansur Hasanov,
Samarqand adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi